AQSh Turkiya hukumati bilan kelishgan holda “Islom davlati” terrorchilik guruhi (IShID) faoliyatiga aloqador shaxslarga nisbatan sanksiyalar joriy qildi, deb xabar bermoqda Davlat departamenti.

IShIDga aloqador kontrabanda tarmog‘ining uch nafar a’zosiga sanksiya qo‘llandi. Bular:

  • Muhammadyusuf Alisher o‘g‘li Mirzoyev — O‘zbekiston fuqarosi, 2023-yil o‘rtalarida IShIDga aloqador “harbiy” o‘quv lagerini tashkil etish harakatlarida qatnashgan, deyiladi bayonotda. Turkiya hukumati ham Mirzoyevga qarshi sanksiyalar kiritdi;
  • Muhammad Ibrohimjon Niyazov — O‘zbekiston fuqarosi va IShIDga aloqador kontrabanda tarmog‘i tarafdori. AQShga ko‘ra, Niyazov Turkiyadagi IShID a’zolariga ma’muriy va logistik yordam bergan. Turkiya hukumati ham Niyazovga qarshi sanksiyalar kiritdi;
  • Olimxon Maxmudjon o‘g‘li Ismailov — O‘zbekistonda yashaydi va IShIDga aloqador kontrabanda tarmog‘iga a’zo, deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, Davlat departamenti “Adam Islamovich Oliferchik” nomi bilan tanilgan Adam Xamirzayevni IShID yetakchisi sifatida Global terrorchilar maxsus ro‘yxatiga (SDGT) kiritdi. Unga qarshi ham sanksiyalar joriy qilindi.

Bayonotda aytilishicha, ushbu shaxslarning Qo‘shma Shtatlardagi mulki yoki AQSh fuqarosi egaligi yoki nazorati ostida bo‘lgan barcha mulk va aktivlari bloklanadi. Turkiya hukumati Xamirzayev va ushbu tarmoq a’zolariga qarshi “ichki choralar” ko‘rmoqda, dedi Davlat departamenti.