Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Samarqandning tarixiy obidalari bilan tanishdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat rahbarlari rafiqalari bilan birga mamlakatning “tashrif qog‘ozi” sanalgan Registon maydoniga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonlar Registondagi obidalar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalarini tomosha qildi. Ularga madrasalarning qurilish tarixi, peshtoqlaridagi naqsh va ramzlarning mazmuni haqida ma’lumot berildi.
Amir Temur maqbarasi ziyorati davomida mehmonlarga Amur Temurning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida so‘zlab berildi.
Shundan so‘ng prezidentlar va ularning rafiqalari “Afrosiyob” muzeyiga tashrif buyurdi. Bu muzey Samarqand shahrining uch ming yillik tarixidan hikoya qiladi. VII asrga oid devoriy suratlardan birida Samarqand hukmdorining qadimgi Koreya — Koguryo elchilarini qabul qilish marosimi ham aks etgan. Bu mamlakatlar xalqlari o‘rtasidagi almashinuvlarning ko‘p asrlik tarixini aks ettiradi.
“Yaqinda koreyalik mutaxassislar ishtirokida muzeyni restavratsiya qilish ishlari yakunlangan bo‘lib, ular doirasida binoning ichki va tashqi qiyofasi mukammal qilib yangilandi. Janubiy Koreya Prezidenti tarixiy ashyolarni hayrat va e’tibor bilan tomosha qilar ekan, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalari uzoq o‘tmishga borib taqalishini, bu do‘stlik va hamkorlik bundan keyin ham bardavom bo‘lishini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.
Yetakchilar madaniy merosni asrash borasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini qayd etdi. Keyin esa ular Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va muzeyida bo‘ldi. Ekskursiyaning oxirgi manzili “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasi bo‘ldi. Bu yerda mehmonlarga o‘zbek xalqining badiiy, hunarmandlik va musiqiy madaniyati namoyish etildi.
Shuning bilan Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yolning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan tashkillashtirilgan davlat tashrifi yakunlandi.
Uch kunlik tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi, ular yakunida yetakchilar alohida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va har tomonlama kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi. Ikki tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilindi. Davlat rahbarlari Koreyaning yetakchi kompaniyalari va bank-moliya institutlari vakillari ishtirokidagi qo‘shma biznes forumida qatnashdi.
Prezidentlar Toshkentdagi Texnoparkka tashrif buyurib, sanoat kooperatsiyasi uchun mavjud salohiyat bilan tanishdi. Yakunda esa davlat rahbarlarining muloqoti Samarqandda davom etdi. Prezidentlar rafiqalari bilan birga qadim shaharning tarixiy-me’moriy durdonalari bilan tanishdi.
Tashrif tadbirlari yakunlanganidan so‘ng aeroportda prezident Yun Sok Yol va rafiqasini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi kuzatib qo‘ydi.