15-iyun kuni Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD, QXRJ) O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochdi, deya xabar bermoqda jamg‘arma matbuot xizmati. Ochilish marosimida IFAD prezidenti Alvaro Lario va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovlar ishtirok etishdi.
IFAD — xalqaro moliya instituti va BMTning maxsus muassasasi, u 1978-yilda tashkil etilgan. Jamg‘arma Rimda joylashgan bo‘lib, qishloq aholisiga sarmoya kiritadi va kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ovqatlanishni yaxshilash va chidamlilikni kuchaytirish imkoniyatlarini taqdim etadi.
“QXRXJning Toshkentdagi yangi vakolatxonasi bizning O‘zbekiston va mintaqadagi barqaror rivojlanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan sodiqligimizni aks ettiradi. Hukumat va xususiy sektor bilan bo‘lgan sherikligimiz orqali biz iqlim o‘zgarishiga moslashish va qishloq hududlarining gullab-yashnashiga kiritiladigan keng ko‘lamli sarmoyalarni rag‘batlantirishimiz mumkin”, — dedi Alvaro Lario.
O‘zbekiston 2011-yilda mazkur jamg‘armaga a’zo davlat sifatida qo‘shilganidan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Mamlakatda vakolatxonaning mavjudligi qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining ehtiyoj va muammolarini samaraliroq qamrab olish va hal etish imkoninini beradi, deyiladi xabarda.
So‘nggi o‘n yil ichida IFAD`ning mintaqadagi loyihalari portfeli sezilarli darajada oshdi, umumiy investitsiyalar hajmi 435,3 million dollarni tashkil etdi va 550 mingdan ortiq qishloq aholisini qamrab oldi.
IFAD dasturining O‘zbekistonning strategik imkoniyatlari bo‘yicha joriy mamlakat dasturi 2023−2027-yillarga mo‘ljallangan. U dastur doirasida O‘zbekiston hukumati bilan milliy va xalqaro qo‘shma moliyalashtirishni o‘z ichiga olgan qiymati 250 mln dollarga teng bo‘lgan ishchi dasturni amalga oshirish niyatida.