O‘zbekistondan Rossiyaga mehnat muhojirlari oqimi qisqarishda davom etishi mumkin, deya ma’lum qildi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bo‘lim boshlig‘i Alisher Ro‘ziyev. Uning so‘zlarini “Kommersant” nashri “RIA Novosti”ga tayanib keltirarkan, hozirda O‘zbekistonda qurilish sanoati faol rivojlanayotgani va ayrim obyektlardagi ish haqi Rossiyadagi ish haqi bilan raqobatlasha olishi haqida gap borgan.

“Hozirda O‘zbekistonda qurilish jadalligi kuzatilmoqda va, tabiiyki, bizdagi ish haqi Rossiya Federatsiyasidagi ayrim obyektlardagi bilan teng… Shuning uchun ham shunday vaziyatda fuqarolarimizda (ketayotganlar — tahr.) kamayish tendensiyasi bo‘lishi mumkin”, — dedi Alisher Ro‘ziyev.

O‘zbekistondagi ayrim yirik qurilish obyektlarida bugungi kunda quruvchilar oyiga taxminan 500−600 AQSh dollari miqdorida maosh olishadi, “bunday maosh uchun endi Rossiya Federatsiyasiga borish shartmas”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Agentlik vakili, shuningdek, so‘nggi ikki yil ichida agentlik fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish geografiyasini, xususan, Yevropada ishchi kuchiga bo‘lgan talab tufayli sezilarli darajada kengaytirganini qayd etdi.

Iyun oyi boshida O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Sevimli telekanaliga bergan intervyusida 2016-yilgacha Rossiyada 4 milliondan 6 milliongacha o‘zbekistonlik mehnat muhojiri bo‘lgani, hozir esa ularning soni 1 milliongacha kamayganini ta’kidlagan edi. “Bu ma’lumotni O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari ham aytib o‘tishdi, aksariyat tahlilchilarimiz esa uni e’tibordan chetda qoldirishdi”, — degandi u.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin may oyi oxirida Toshkentga tashrifi chog‘ida Rossiyada 1 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi yashab, mehnat qilayotganini aytgandi. U Rossiya hukumati O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojirlari uchun munosib mehnat sharoitlari va ijtimoiy himoyani ta’minlashda hamma sharoitni qilishiga ishontirgan.

May oyida Shavkat Mirziyoyev yil boshidan buyon O‘zbekistonga 115 mingga yaqin mehnat muhojiri qaytganini, yil oxirigacha yana 250−300 ming fuqaroning qaytishi kutilayotganini ta’kidlagandi. Ularni ish bilan ta’minlash, ijtimoiy muammolarini hal etishda ko‘maklashish muhimligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Aprel oyida davlat rahbari mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi, unga ko‘ra, kasbiy va til sertifikatlari, mehnat vizalari, chiptalar sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar qoplanadi, xorijda og‘ir ahvolga tushib qolganlarga yordam ko‘rsatiladi.