O‘zbekistonda ayollarning erkaklar bilan bir xil darajada maosh olishini ta’minlash 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumati moliyaviy ko‘magida Jahon banki tomonidan tayyorlangan “O‘zbekistonda gender tengligi tahlili” hisobotida aytiladi.
Ushbu hisobot turli sohalardagi, jumladan, ayollarning ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy faoliyatdan foydalanish imkoniyati, ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajralishlar bilan bog‘liq vaziyat, shuningdek, ayollarning mamlakat ijtimoiy hayotidagi ishtiroki kabi vaziyatni tahlil qilish orqali O‘zbekistonda gender tengligi masalalarini o‘rganadi.
Bundan tashqari, hisobotda ijtimoiy va madaniy normalar va munosabatlarning ayollar huquqlari va ularning jamiyatda qanday qabul qilinishidagi o‘rni baholanadi. Ushbu hisobotda gender tengsizligini bartaraf etish va O‘zbekistonda ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlaydigan inklyuziv jamiyatni rivojlantirishga qaratilgan tavsiyalar berilgan.
Hisobotning asosiy xulosalari
Qonunchilik va inson kapitali rivojlanishidagi ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, O‘zbekiston mehnat bozorida gender tengsizlik hali ham saqlanib qolmoqda. 2021-yilda ayollarning ishchi kuchidagi ulushi erkaklarnikidan 28 foiz punktga past bo‘lgan. Bu Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha (yuqori daromadli davlatlar bundan mustasno) o‘rtacha ko‘rsatkichdan (19 foiz) yuqoriroq ko‘rsatkich.
O‘zbekistonda yosh xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 15,5 foizni tashkil etadi, bu yosh erkaklar o‘rtasidagi 10 foizlik ko‘rsatkichdan ko‘proq. Ta’lim, ish yoki professional tayyorlovda bo‘lmagan yosh ayollar ulushi 42 foizni tashkil qiladi, erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 8,8 foiz atrofida.
Bundan tashqari, xizmat uchun haq to‘lashda ham sezilarli darajada gender tengsizligi mavjud, ayollar erkaklarga qaraganda 34 foiz kamroq maosh oladi. Bu 20 foiz bo‘lgan global o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori.
Hisobotda qayd etilishicha, ayollar o‘rtasida ish haqi va bandlikning pastligi O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va kambag‘allikni kuchaytirmoqda. Agar xotin-qizlar iqtisodiy faoliyatda erkaklar bilan birdek ishtirok etsa, O‘zbekistonda milliy daromad 29 foizga oshadi. Ayollarning erkaklar bilan bir xil darajada maosh olishini ta’minlash 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi.
“Biroq, ayollarga birinchi navbatda g‘amxo‘rlik va uy-ro‘zg‘or yumushlari uchun mas’ul sifatida qarashga undaydigan gender me’yorlari gender tengligi va jinsidan qat’i nazar, barcha fuqarolarga foyda keltiradigan iqtisodiy o‘sish yo‘lidagi taraqqiyotga to‘sqinlik qilmoqda”, — deyiladi hisobotda.
Hisobot tavsiyalari orasida O‘zbekiston hukumati mamlakat o‘z iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun gender tengsizlikni bartaraf etish bo‘yicha chora tadbirlarni davom ettirishi zarurligi qayd etilgan. Bu ayollarning iqtisodiy faolligini cheklovchi ijtimoiy normalarni bartaraf etish, STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yo‘nalishlari va sog‘liqni saqlash xizmatlari bo‘yicha oliy ta’lim olish imkoniyatlaridagi tengsizlikni yanada kamaytirish, oilani rejalashtirish imkoniyatlarini takomillashtirish, ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini yanada rivojlantirish, shuningdek, rahbarlik lavozimlarida ularning vakilligidagi tengsizlikni bartaraf etish kabi chora-tadbirlarini o‘z ichiga oladi.
“Mamlakat gender tengligidagi mavjud bo‘shliqlarga qaramay, taraqqiyot uchun mustahkam poydevorga ega. Bu jinsidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash uchun keng istiqbollarni ochadi”, — deyiladi Jahon banki hisobotida.