Namangan viloyati Chust tumanida 17-iyun kuni kuzatilgan sel oqibatida devor qulab, 2 qizni bosib qoldi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, qizlarning biri vafot etgan.

Qayd etilishicha, soat 16:00 da tumanning “Toymosobod” MFY Kamarbasta ko‘chasida qizlar — 14 yoshli Z.Yu. va 16 yoshli K.Yu. darvozaxonaga kirayotgan yomg‘ir suvini to‘sish maqsadida devor oldiga borgan. Shu vaqtda uy devori tag qismi bilan ularning ustiga qulab tushgan.14 yoshli Z.Yu. voqea joyida halok bo‘lgan, K.Yu. esa jarohat olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Marhumada qo‘shma shikastlar, kalla miya, bo‘yin, ko‘krak qafasi, qorin, chanoq shikastlari borligi, kalla gumbaz, peshana tepa, o‘ng chakka suyak siniqlari kalla asosiga o‘tishi, miya majag‘lanishi, bo‘yin va ko‘krak umurtqalari ko‘plab sinishi, chap tomondan ko‘plab qovurg‘alar sinishi, o‘pkalar va yurakning ko‘krak qafasidan pastga chiqib qolishi kabi jarohatlar aniqlangan.

Shuningdek, jarohat olgan K.Yu.ning tanasida qo‘shma shikast, chanoq suyaklari, o‘ng boldir suyaklari siljigan sinishi, tananing ko‘plab shilinmalari borligi, holati esa og‘ir ekani ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.