Jizzax shahrida fuqaroni AQShga yuborishini aytib, Janubiy Afrikaga jo‘natgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, shaharning Xayrobod mahallasida yashovchi I.M. ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Unda o‘g‘li M.T.ni Sharof Rashidov tumanining Xayrobod mahallasida yashovchi A.Ya. Amerikaga ishlashga yuborishini aytib, 14 300 dollar olgani, lekin farzandini Janubiy Afrikaga jo‘natganini bildirgan.

Arizachi o‘g‘li Afrikada chorasiz qolib ketgani, o‘z navbatida A.Ya. undan vaziyatni o‘nglash uchun yana 6700 dollar talab qilayotganini aytgan. Mazkur murojaat asosida tezkor tadbir o‘tkazilib, 6700 dollar olgan A.Ya. ushlangan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.