Zo‘ravonlikka qarshi Nemolchi.uz loyihasi Toshkent viloyatida profilaktika inspektori mast qo‘shnisi tomonidan tegajog‘likka uchragan besh yoshli qizning onasi yozgan arizani qabul qilmagani haqida xabar berdi.

Ayol ushbu muammoga e’tibor qaratish uchun loyiha bilan bog‘langan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 11-iyun kuni kechqurun qizi va uning opasi ko‘chaning narigi tomonidagi qo‘shnilar hovlisida bolalar bilan o‘ynayotgan bo‘lgan.

Ona bolalarini uyga chaqirish uchun tashqariga chiqqanida, qizining yig‘lab uyga chopayotganini ko‘rgan. Qiz “Shavkat amaki uni quchoqlab, yalab olganini” takrorlagan.

“Avvaliga hayron bo‘ldim va u aynan nima qilganini so‘ray boshladim. Eshitganlarim meni hayratda qoldirdi. Hovlidan yugurib chiqib, shu qo‘shninikiga bordim. U mast edi, hammasini inkor qildi, qizimni qo‘shni sifatida o‘pganini, lekin bola hamma narsani noto‘g‘ri tushunganini aytdi. U bilan gaplashishdan foyda yo‘qligini tushunib, erim bilan ichki ishlar bo‘limiga bordim. Ular mahalliy IIB xodimiga qo‘ng‘iroq qildi, ariza yozmoqchi edim, lekin u arizani qabul qilishdan bosh tortdi”, — deya ayolning hikoyasidan iqtibos keltiradi Nemolchi.uz.

Shundan so‘ng qizning onasi shahar prokuraturasiga ariza yozgan. Ariza topshirilganiga 6 kun bo‘ldi, deya ta’kidladi u, qo‘shni hamon qizlar yashaydigan uy yonidagi ko‘cha bo‘ylab bemalol yuribdi. “Endi hovlimizning eshigini ochib, zarurat bo‘lmasa uydan chiqmaslikdan qo‘rqaman. Men qizlarimdan xavotirdaman”, — deb ta’kidladi ayol.

Bosh prokuratura 19-iyun kuni ushbu xabarga munosabat bildirdi.

“Toshkent viloyatida besh yoshli qizga tegajog‘lik qilgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Nurafshon IIB profilaktika inspektori xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun xizmat tekshiruvi tayinlandi.