Shavkat Mirziyoyevga 19-iyun kuni zargarlik sanoatini rivojlantirish, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va sotish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tayyor mahsulotlar eksportini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimot qilindi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ayni paytda O‘zbekistonda qazib olinayotgan oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanadi va undan mahsulot eksporti atigi 78 million dollarni tashkil etadi.

zargarlik sanoati

“Tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinishi, sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimini butunlay qayta ko‘rib chiqish muhim”, — degandi avvalroq prezident.

Bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan takliflar ishlab chiqilgan.

Jumladan, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, vakolatlarini kengaytirish hamda boshqaruv tizimini qayta tashkil etish rejalashtirilgan.

zargarlik sanoati

Sohadagi ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasi a’zolari uchun berilgan imtiyozlarni “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etish taklif etildi.

2026-yil 1-oktabrga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlariga nisbatan bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasini qo‘llash imkoniyati o‘rganilmoqda.

Ishlab chiqarish, ko‘rgazma va savdo maydonlarini o‘z ichiga olgan maxsus zargarlik markazlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu boradagi pilot loyihalarni Toshkent shahri va Namangan viloyatlarida joylashtirish yuzasidan axborot berildi.

zargarlik sanoati

Zargarlik buyumlari eksporti hajmini oshirish masalasi muhokama qilindi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini AQShga GSP tizimi bo‘yicha eksport qilish uchun bojxona to‘lovlarining nol stavkasini belgilash taklif qilindi.

Davlat rahbari taqdim etilgan chora-tadbirlarni yakunlash va 2027-yilgacha zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.