Germaniya O‘zbekiston bilan afg‘on qochqinlarini deportatsiya qilishni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan migratsiya shartnomasini tuzish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, deb xabar berdi Bloomberg o‘z manbalarga tayanib. Bunday kelishuv Berlinga “Tolibon” bilan bevosita kelishuvlardan tiyilish imkonini beradi.

May oyi oxirida Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer topshirig‘iga binoan Germaniya delegatsiyasi ushbu masala bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Toshkentga tashrif buyurdi, deya xabar berdi agentlik suhbatdoshlari. Taklif etilayotgan rejaga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati boshpana berilmagan va Germaniyadan deportatsiya qilingan cheklangan miqdordagi afg‘on qochqinlarini qabul qilib, keyin Kobulga uchadigan xususiy aviakompaniya yordamida Afg‘onistonga jo‘natadi.

Manbalarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bu taklifni ko‘rib chiqmoqda, shu bilan bir paytda, migratsiya paktiga O‘zbekistondan Germaniyaga ishchilarning qonuniy migratsiyasiga ruxsat beruvchi kelishuv ham kiritilishini istamoqda.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Germaniya hukumatining migratsiya kelishuvlari bo‘yicha maxsus vakili Yoaxim Shtamp muzokaralarni davom ettirish uchun tez orada O‘zbekistonga keladi.

  • Germaniya kansleri Olaf Shols iyun oyi boshida immigratsiya siyosatini, jumladan, Afg‘oniston va Suriyadan boshpana istab keluvchilarga qarshi afg‘on qochqinning nemis politsiyachiga hujumi ortidan qat’iylashtirishga va’da bergandi. Hodisa 31-may kuni islomni tanqid qiluvchi Pax Europa tashkiloti a’zolarining mitingi chog‘ida sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot organi xodimi boshiga bir necha marta pichoq bilan jarohat yetkazilgan va u shifoxonada vafot etgan.
  • 2021-yil yozida “Tolibon” hokimiyatga qaytishidan biroz oldin Germaniya Afg‘onistonga deportatsiyani butunlay to‘xtatgandi.