Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev O‘zbekistonda davlat monopoliyasi keyinchalik tegishli komplayensga rioya qilinmasligi va korporativ boshqaruv shaffofligini ta’minlamaslik oqibatida xususiy monopoliyaga aylanishi riski borligini qayd etib o‘tdi. Bu haqda u 12-iyun kuni Digital Uzbekistan PLAS-Forumi doirasida Spot nashriga bergan intervyusida gapirgan.

“Biz ichki bozorlarni ochishimiz, yangi o‘yinchilarning kirib kelishidagi to‘siqlarni olib tashlashimiz kerak. Keyin raqobat tufayli samarasiz davlat kompaniyalari o‘z-o‘zidan [bozordan] chiqib ketadi. Biroq agar ularning ulushi keyinchalik shaffof korporativ boshqaruv va tegishli komplayensni ta’minlamay, xususiy kompaniyalarga berilsa, bu monopollashuvning yanada yomon ko‘rinishiga olib kelishi mumkin”, — deya ta’kidlagan Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

Farrux Karabayev so‘nggi uch yilda davlat korxonalari soni ikki baravarga qisqarganini, kelajakda ham qisqarishda davom etishini aytib o‘tgan. Bundan tashqari, ustun mavqega ega bo‘lgan xususiy kompaniyalar ulushi ortib borishi kutilmoqda.

Vaqti bilan davlat kompaniyalari bozorni xususiylashish yo‘li bilan yoki o‘z-o‘zidan tark etadi. Farrux Karabayev buni tabiiy jarayon deb atadi.