Ijtimoiy tarmoqlarda JIB Nukus shahar sudi sudyasi tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovlarni asossiz olib tashlab, hukm chiqargani haqidagi xabarlar tarqaldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, profilaktika inspektori A.M. o‘ziga biriktirilgan mahallada istiqomat qiluvchi keksa yoshdagi O.Ye.ning yaqin qarindoshlari yo‘qligi va aqli norasoligidan foydalanib, uning mulklarini qo‘lga kiritish maqsadida, go‘yoki Ye.O. jamoat joylarida yurish-turish qoidalarini buzib yurganligi to‘g‘risida 1-son ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi rahbariga bildirishnoma yozib, majburan shifoxonaga joylashtirib, uni uyidan chiqarib yuborishga va ozodligini cheklashga erishgan.

So‘ngra, u O.Ye.ga qarashli turar joyga egalik huquqini tasdiqlovchi orderni soxtalashtirish orqali kadastr idorasi xodimi Ch.S. ko‘magida qalbaki kadastr hujjatlarini tayyorlab, turar joyni o‘zining nomiga rasmiylashtirishgan.

Profilaktika inspektori A.M. jinoyatlarini yashirish maqsadida, turar joyni turmush o‘rtog‘i O.D.ga hadya shartnomasi orqali qayta rasmiylashtirib, Ye.O.ning juda ko‘p miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgan.

Shuningdek, profilaktika inspektori jabrlanuvchi Ye.O.ning ojizligidan foydalangan holda qo‘lga kiritgan bank plastik kartasidagi pul mablag‘larini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

Bundan tashqari, u O.Ye.ning bankdagi omonat hisob-raqamida saqlanayotgan juda ko‘p miqdordagi pullarini bank xodimlarini go‘yoki egasiga berish uchun olayotganligiga ishontirib, qo‘lga kiritishga erishgan.

A.M. yuqoridagi jinoiy harakatlari oqibatida qo‘lga kiritgan Ye.O.ning juda ko‘p miqdordagi omonat pullariga opasining nomiga Lacetti xarid qilib, jinoiy daromadlarini legallashtirgan.

Tergov natijasiga ko‘ra, profilaktika inspektori A.M.ga Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 228-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 228-moddasi 3-qismi (Hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanish), 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik), 243-moddalari (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) hamda kadastr idorasi xodimi Ch.S.ga Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a” bandi, 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilinib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

Biroq, Nukus shahar sudi sudyasi hukmiga asosan tergov organi tomonidan A.M.ga JKning 169, 228, 243-moddalari bilan qo‘yilgan ayblovlarni asossiz ravishda olib tashlanib, JKning 206-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan va 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilgan holda, 2 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlagan.

Xuddi shunday, kadastr idorasi xodimi Ch.S.ning ayblovidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 3-qismi va 28,169-moddasi 4-qismi “a” bandi olib tashlanib, Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan tergovda jabrlanuvchi O.Ye.ning soxta hujjatlar asosida begonalashtirilgan turar joyi talon-toroj etilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida undirilgan 180 mln 50,7 ming so‘m pullarni sudlanuvchiga qaytarib berish belgilangan.

Prokuratura organlari tomonidan apellyatsiya muddatida ish hujjatlari o‘rganilib, mazkur sud hukmi ro‘yi-rost asossiz, adolatsiz va noqonuniy deb topilib, sud qarorini bekor qilish haqida protest keltirilgan.

“Ish apellyatsiya instansiyada ko‘rilishida, malakali prokuror ishtiroki ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.