Saudiya Arabistonining Makka shahriga Haj ziyorati uchun borgan kamida 550 nafar kishi vafot etdi, deya xabar bermoqda arab diplomatlariga tayanib France-Presse agentligi (AFP).

Halok bo‘lganlarning kamida 323 nafari misrlik, 60 nafari iordaniyalik bo‘lgan. Ularning aksariyati jazirama issiqning qurbon bo‘lgan, shuningdek, bir kishi tiqilinch paytda hayotdan ko‘z yumgan.

Reuters agentligining mahalliy OAVlarga tayanib yozishicha, 144 nafar indoneziyalik, 35 nafar tunislik, 11 nafar eronlik va 3 nafar senegallik ham vafot etgan. Xususan, marhumlarning yaqinlari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik issiq urishi oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Diplomatlardan biri AFP`ga qurbonlar soni haddan ziyodligiga Haj ziyoratiga noqonuniy kelganlar soni juda ko‘pligi ham sabab bo‘lganini aytgan. Buning oqibatida ziyoratchilar lagerlarida tartibsizliklar yuzaga kelgan, qutqaruvchilar o‘z vaqtida yordam ko‘rsata olmagan, deya tushuntirdi Haj ziyorati amallarini nazorat qiluvchi misrlik amaldor. Uning aytishicha, ziyoratchilar uzoq vaqt suv va ovqatsiz qolib ketishgan, konditsionerlar ishlamasligi tufayli ko‘plar issiqda jon bergan.

Saudiya Arabistoni rasmiylari rasmiy ravishda 16-iyunga qadar 2000 dan ortiq ziyoratchilar issiq urishidan davolanayotganini bildirdi, biroq o‘shandan buyon statistik ma’lumotlar yangilanmadi yoki o‘limlar haqida ma’lumot berilmadi. 2023-yilda Haj vaqtida kamida 240 kishi halok bo‘lgan, deya eslatdi AFP.

  • Har yili o‘n minglab ziyoratchilar Haj ziyoratini noqonuniy ravishda bajarishga urinishadi, chunki ular rasmiy Haj vizasini olishning qimmat jarayonlarini o‘z zimmalariga ololmaydilar, deya ta’kidlaydi AFP.
  • Podshohlik rasmiylari may oyida e’lon qilgan tadqiqotga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi oqibatida Saudiya Arabistonida diniy marosimlar o‘tkaziladigan hududlarda harorat har o‘n yilda selsiy bo‘yicha 0,4 darajaga ko‘tarilmoqda. Saudiya Arabistoni Milliy meteorologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 17-iyun kuni Makkadagi Masjid ul-Haramda havo harorati +51,8 darajaga yetgan.