So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolari tomonidan mamlakatning Rossiyadagi elchixonasi call-markaziga murojaatlar ko‘paydi, deb xabar qildi diplomatik vakolatxona matbuot xizmati.

Fuqarolar, xususan, Rossiyaga kirishda yoki Moskvaning “Sheremetevo” xalqaro aeroporti orqali tranzit o‘tishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotganini xabar bermoqda. Ushbu qiyinchiliklar tegishli aeroport xizmatlari tomonidan qo‘shimcha va haddan tashqari uzoq tekshiruvlar bilan bog‘liq.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida elchixona RF Tashqi ishlar vazirligiga murojaat yubordi, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, elchixonaning konsullik bo‘limi “Sheremetevo” aeroportining chegara nazorati xizmati bilan doimiy aloqada, deya ta’kidladi diplomatik missiya.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar Moskva yaqinidagi “Krokus siti xoll”da terakt sodir etishda ayblanayotgani fonida Rossiyada migrantlarga qarshi choralar, xususan, viza rejimini joriy etish, huquqbuzarlik uchun deportatsiya qilish hamda patentlar bo‘yicha cheklovlar muhokamasi avj olgandi.

May oyida “Agenstvo” nashri huquq himoyachisi Valentina Chupikka tayanib, so‘nggi kunlarda rossiyalik chegarachilar Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarini aeroportlar va quruqlikdagi nazorat-o‘tkazish punktlarida ommaviy ravishda Rossiya hududiga kiritishni taqiqlab qo‘ygani haqida xabar bergan edi.

O‘shanda O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining RFdagi vakolatxonasi fuqarolar Rossiyaga Moskva aeroportlari va Orenburg, Samara va Saratov viloyatlaridagi quruqlikdagi nazorat-o‘tkazish punktlari orqali kirishda muammoga duch kelmayotganini ma’lum qilgandi.

Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqinda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mehnat migratsiyasi masalasini muhokama qilgandi. “Vladimir Vladimirovich ushbu nozik masala bo‘yicha takliflarimni qo‘llab-quvvatlaganidan juda mamnunman. O‘ylaymanki, biz hali bu masalada har ikki tomondan zaruriy tartibni yo‘lga qo‘yamiz”, — degandi O‘zbekiston rahbari.