Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yetakchisi Kim Chen In Rossiya hamda KXDR o‘rtasida har tomonlama strategik sherikchilik to‘g‘risida shartnoma imzoladi, deya xabar berdi Kreml matbuot xizmati.

Shuningdek, Putinning Shimoliy Koreyaga davlat tashrifi doirasida chegarada avtomobil yo‘li ko‘prigini qurish hamda sog‘liqni saqlash, tibbiyot ta’limi va fan sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar imzolandi.

“RIA Novosti”ning yozishicha, shartnoma imzolangandan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya prezidenti yangi shartnoma tomonlardan biriga tajovuz qilingan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutishini aytgan. Shuningdek, Putin “Rossiya imzolangan hujjatga muvofiq KXDR bilan harbiy-texnik hamkorlikni istisno qilmasligini” ta’kidladi.

KXDR yetakchisi shartnoma “faqatgina tinchliksevar va mudofaa xarakteriga ega” ekanini va ikki davlat xalqlari manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini aytdi. “U yangi ko‘p qutbli dunyoni yaratishni tezlashtiradigan harakatlantiruvchi kuchga aylanishiga shubham yo‘q. Zamon o‘zgardi. Shunga yarasha KXDR va Rossiya Federatsiyasining global geosiyosiy tuzilmadagi maqomi ham o‘zgardi”, — deya qo‘shimcha qildi Kim Chen In.

“Interfaks” nashri yangi kelishuv Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi 1961, 2000 va 2001-yillarda davlat rahbarlari tomonidan imzolangan fundamental hujjatlar o‘rnini egallashini qayd etdi.

Putinning bu tashrifi uning Shimoliy Koreyaga rasman ikkinchi borishi hisoblanadi. Rossiya yetakchisi KXDRga ilk bor 2000-yilda borgan.