Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida 7-iyun kuni “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha navbatdagi apellyatsiya sudi bo‘lib o‘tdi. Unda sirop tarkibida zaharli moddalar borligini birinchi bo‘lib aniqlagan Gulchehra Boltaboyeva, siropdan bolalar o‘layotgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan Samarqand Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov guvoh sifatida ko‘rsatma berdi.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekistonda kamida 68 nafar bolaning o‘limi va kamida 18 nafar bolaning nogironligiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplaridagi propilenglikol moddasi tarkibidan etilenglikol va dietilenglikol nomli zaharli moddalar aniqlangan. Birinchi instansiya sudida buning sababi sifatida ishlab chiqaruvchiga propilenglikol moddasini yetkazib beruvchi kompaniya farmakologiyada emas, sanoatda qo‘llaniladigan propilenglikolni yetkazib bergani ko‘rsatilgan edi.

Joriy apellyatsiya sudida esa Farmagentlikning sudlanayotgan sobiq rahbari Sardor Kariyevning advokatlari ushbu siroplar tarkibidagi propilenglikolga oid o‘rganishlarini taqdim etdi. Ularning ta’kidlashicha, Marion Biotech propilenglikolning sanoatda qo‘llanilishini bila turib undan dori ishlab chiqarishga ruxsat bergan.

Advokatlar 2021-yil dekabridan boshlab jahon bozorida propilenglikolning narxi oshib ketishi natijasida Marion Biotech ishlab chiqarilgan tovarning qimmatlashuviga olib kelmaslik va shu orqali dori-vositalari bozorida raqobatchilardan ustun bo‘lish maqsadida farmatsevtika uchun qo‘llaniladigan narxdan 30 foiz arzon bo‘lgan sanoat propilenglikolni sotib ola boshlaganini aytmoqda.

Ish bo‘yicha birinchi instansiya sudida ham, apellyatsiya sudida ham sudlanuvchilarning himoyachilari bolalar zaharlangan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplarining ishlab chiqaruvchisi, Hindistondagi Marion Biotech va O‘zbekistondagi Quramax Medical korxonalarining norasmiy rahbari Sachin Jain, Hindistonda unga nisbatan jinoyat ishi ochilganiga qaramay, hamon ozodlikda yurgani haqida ko‘p ta’kidladi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, agar ushbu voqea bo‘yicha Hindistondagi ishlab chiqaruvchilar javobgarlikka tortilmay qolib ketaversa, bu juda noxush pretsedent keltirib chiqarishi, ya’ni chet ellik dori ishlab chiqaruvchilar sifatsiz mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kirishi va odamlarning bu dorilardan zaharlanishi davom etaverishi mumkin.

Bugungi kunda Hindistonda Sachin va uning sheriklari inson hayotiga xavfli va jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan sifatsiz, soxta va qalbaki deb topilgan dori vositalarini ishlab chiqarish va sotishda ayblanib, ularga nisbatan 6 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekistonda siroplar iste’moli natijasida kelib chiqqan bolalar o‘limi va boshqa og‘ir oqibatlar to‘g‘risida Hindiston huquq muhofaza qiluvchi organlarda rasmiy ma’lumot bo‘lmaganligi sabab Sachin va uning sheriklari o‘ta og‘ir bo‘lmagan, ya’ni sanksiyasida bir ming rupiy (150 ming so‘m) jarima yoki olti oygacha qamoq jazosi nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Hindiston qonunchiligi bo‘yicha esa agar qalbaki yoki soxta dori vositalari iste’moli natijasida o‘lim yoki og‘ir tan jarohatlari olinsa, 10 yildan to umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi, shuningdek, jabrlanuvchilarga bir million rupiydan (taxminan 13,000 dollar) kam bo‘lmagan tovon puli solishga sabab bo‘ladi.

Advokatlarning aytishicha, O‘zbekistondagi bolalar o‘limi va nogironlik holati bo‘yicha Hindiston tarafga rasmiy ma’lumotlar jo‘natilishi kerak. Buning uchun harakatlar ham bo‘lgan. OAVda Marion Biotech va uning mansabdor shaxslariga nisbatan Hindistonda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tarqalgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida 2023-yil mart oyida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tergov organi Hindiston Respublikasiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali tegishli so‘rovnoma yuborgan. Ma’lum bo‘lishicha, Hindiston tarafdan ushbu so‘rovnomaga hech qanday javob berilmagan.

“Hindiston bizni nazarga ilmaydimi, bilmayman? Nima bu? Ikkita davlat-ku. Biz o‘zimiz chiqqanimiz yo‘q-ku. Tashqi ishlar vazirligi chiqyapti”, — dedi advokat Rahmatov.

Advokatlar sudlov hay’atiga bunday vaziyatda diplomatik kanallarning kuchi yetmasa, Hindistonning barcha dori ishlab chiqaruvchilariga nisbatan O‘zbekistonga importini ruxsat berishni vaqtincha to‘xtatish kabi cheklovlarini qo‘llash taklifini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining muhokamasiga olib chiqish bo‘yicha ajrim chiqarishni so‘rab iltimosnoma kiritdi.

Qolaversa, Sachin Jainga nisbatan O‘zbekistonda ham sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llanilib, qidiruvga berilgan. Ammo advokatlarga ko‘ra, u bugungi kunda BAA davlatida ozodlikda yuribdi. Abdu Dabi Interpoli esa O‘zbekiston Interpoliga BAAning tegishli organlariga so‘ralgan ma’lumotlar taqdim etilmaganligi sababli Sachin Jainga nisbatan qidiruv hamda qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumot yuborgan.

Himoyachilar sudlov hay’atiga Sachin Jainga e’lon qilingan qidiruv bo‘yicha aynan BAA hududida qidiruv va cheklovlarni qayta tiklash bo‘yicha chora tadbirlarni ko‘rish, “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplarining iste’mol qilishi natijasida O‘zbekistonda bolalar o‘limi va hayot uchun xavfli og‘ir tan jarohatlari kabi salbiy oqibatlar kelib chiqqanligini isbotlovchi dalil-hujjatlarni tegishli tartibda Hindistondagi jinoyat ishi hujjatlariga qo‘shish uchun taqdim etish bo‘yicha ham iltimosnomalar kiritdi.

Iltimosnomalarni prokuror qisman, jabrlanuvchilar, sudlanuvchilar va ularning himoyachilari esa to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Sudlov hay’ati bu bo‘yicha keyingi sudda ajrim chiqarishini bildirdi. 14-iyun kuni bo‘lib o‘tgan protsessda esa sudlov hay’ati ushbu iltimosnomalarga to‘xtalmadi. Advokatlar ham bunga biror e’tiroz bildirmadi.

Shuningdek, Sardor Kariyev tomon uning onasi kiritgan arizaga ko‘ra, 75 milliard so‘mlik tovon puli 36 oy davomida qay tartibda to‘lanishi va uning jabrlanuvchilarga taqsimoti qanday bo‘lishi haqida tushuntirish berdi. Raislik etuvchi sudya Muzaffar Ahmedov ayblilik masalasi sudda ko‘rilaverishi, ariza beruvchi taraf xohlasa, tovon pulini to‘lab berish harakatini boshlash mumkinligini bildirdi.

Sudda ishtirok etayotgan qoraqalpog‘istonlik bir jabrlanuvchi esa sudning qancha davom etishi noma’lumligi, ammo nogiron bo‘lib qolgan bolalarni asrab qolish uchun pul kerakligi, shuning uchun Munira Kariyeva kiritgan arizani qabul qilishini bildirdi.

“Gazeta.uz” sud majlisi stenogrammasini taqdim qiladi.

Sud majlisida dastlab guvohlar tinglandi. Ammo guvohlarning ko‘rsatmalari birinchi instansiya sudida ham eshitilgani, sudga oid avvalgi reportajlarda ham ular aytgan gaplar qisman yoritilgan uchun matnda dastlab ishga oid yangi tafsilotlar, so‘ng guvohlar ko‘rsatmalari keltiriladi.

Sudya Muzaffar Ahmedov: Kariyevning uydagilaridan kim bor?

Zaldan turmush o‘rtog‘i turadi.

Sardor Kariyevning turmush o‘rtog‘i: Ayollari bo‘laman.

Sudya: Onalari kelmadilarmi?

Sardor Kariyevning turmush o‘rtog‘i: Yo‘q.

Sudya: Boshida aytgandim, ariza kiritganlar, kelsalar shuni muhokama qilardik. Ayblilik masalasini [apellyatsiya sudi davomida ko‘rib ketaveramiz], lekin ular zarar qoplamoqchiman deb ariza berganlar. Bu bo‘yicha hech kim depozit ham so‘rab kelmadi, boshqa qilmadi. Shu ish nima bo‘lyapti, siz bilasizmi?

Sardor Kariyevning turmush o‘rtog‘i: Advokatimiz tushuntirish bersalar bo‘ladimi?

Advokat Abror Nabiyev: Ruxsat bersangiz, hurmatli sudlov hay’ati. Arizani Munira Kariyeva kiritganlar. Ularning nomlaridan menga vakolat berilgan. Bu haqda so‘rashingizni kutib turgandik. Chunki bir-ikkita oldingi sudda bu masalani jabrlanuvchilar ham ko‘tardi. O‘shanda biz jabrlanuvchilarga savol, taklif bilan murojaat qildik.

Agar sud bizning himoyamiz ostidagi Sardor Kariyevga nisbatan ayblilik masalasiga daxl qilmagan holda qaror chiqarsa, faqat shu jazosini yengillashtirib bersa, sud hukmida ko‘rsatilgan moddiy zararni to‘lash haqida ariza kiritgan Munira opa Kariyeva arizada keltirgan holatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydilar.

Lekin [zararni] bir vaqtda to‘lash imkoniyati mavjud emas. Zarar qanday qoplanishi bo‘yicha jadval ham qilib berilgan. Agar sud majlisi davomida sudlov hay’ati qandaydir majburiyat qo‘yadigan bo‘lsa, uni ham ko‘rib chiqamiz.

Sudya: Xo‘p, boshlanishiga qancha to‘layman deyaptilar. Jami zarar 72 milliardga yaqinmidi? Mana jabrlanuvchilar turibdi. Ayblilik masalasini sud davomida ko‘rib ketaveramiz, agar bunga hozir to‘xtalmasak, yana cho‘zilib ketaveradi. Sud tergovi anchadan beri davom etyapti.

Advokat Abror Nabiyev: Hurmatli raislik etuvchi, shu jadvalga muvofiq aytib o‘taman.

Jami summa 75 milliard 600 million so‘m ekan. Bu miqdor 36 oy davomida to‘lab beriladi. Birinchi oyda 7 milliard 560 million so‘m, keyingi 2 — 35-oylarda 1 milliard 800 million so‘mdan, 36-oyda esa 3 milliard 780 million so‘mdan to‘lanadi. Jabrlanuvchilarga taqsimot esa quyidagicha bo‘ladi: 1 milliarddan moddiy zarar undirilishi kerak bo‘lgan 72 nafar jabrlanuvchilarning har biriga birinchi oyda 100 million so‘mdan, keyingi 2 — 35-oylar bo‘yicha har oyda 25 million so‘mdan, 36-oyda esa 50 million so‘mdan; 500 million so‘mdan moddiy zarar undirilishi kerak bo‘lgan 4 nafar jabrlanuvchiga birinchi oyda 50 million so‘mdan, 2 — 35-oylarda 12 million 500 ming so‘mdan, 36-oyda 25 million so‘mdan; 200 million so‘mdan moddiy zarar undirilishi kerak bo‘lgan 8 nafar jabrlanuvchiga birinchi oyda 20 million so‘mdan, 2 — 35-oylarda 5 million so‘mdan, 36-oyda esa 10 million so‘mdan to‘g‘ri keladi. Shuni bir ko‘rib chiqsanglar.

Jabrlanuvchilardan birining onasi: Ruxsat bering, hurmatli sudya. Mana hozir muddat qo‘yilgan, shuning oxirigacha to‘lab berilishiga kim kafolat beradi?

Advokat Abror Nabiyev: Ruxsat bering, hurmatli sudya.

Sudya: Mayli, tushuntiring.

Advokat Abror Nabiyev: Hurmatli jabrlanuvchi, siz yurist bo‘lmaganingiz uchun tushuntiraman. Hozir shu masalani sud ko‘rib chiqsa, [himoyamiz ostidagi shaxsga] majburiyat yuklashi mumkin. Deylik, [sud aytgan] ma’lum muddatda to‘lanmasa, sudlanuvchiga nisbatan sud hukmida ko‘rsatilgan muddatdagi ozodlikdan mahrum qilish jazosi yuklab qo‘yiladi. Muammo yo‘q. Qo‘pol qilib aytganda, yana bir marta qamab qo‘yadi.

Sudya: Jabrlanuvchining qonuniy vakili, bu masalani sud hal qiladi. Biz uni nima qilishni, qanaqa qilishni maslahat uyida hal qilamiz. O‘zi aybsizligi haqida shikoyat keltirgan, [ayni sudda shu masala] ko‘rib chiqilyapti. O‘tgan safar [Munira Kariyeva kiritgan] arizani o‘qib eshittirdim. Unda aybsizlik masalasi ko‘rilaversin, lekin biz haqiqatdan shunaqa holat bo‘lganda xijolat bo‘lyapmiz, shunga [moddiy zararning] hammasini to‘lamoqchimiz degan mazmun bor edi.

Advokat Temur Rahmatov: Iltimosnomamiz bor edi, hurmatli sudya. Slaydlarimizni iloji bo‘lsa, jabrlanuvchilarga ham ko‘rinsin. Ularga taalluqli jihati bor.

Hurmatli sud qatnashchilari, iltimosnomada farmatsevtika sohasiga doir ayrim atamalar va qisqartirmalar ishlatilishi sababli birinchi slaydimizda ishlatilayotgan atamalar va qisqartirmalarni joylashtirdik. Bu slaydda farmakopeyaga ta’rif berilib uning turlari sanab o‘tilgan hamda propilenglikol moddasi, aynan ikki turga, ya’ni sanoat va farmatsevtikada foydalanishga ruxsat etilgan turlarga bo‘linishi qayd etilgan.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

Sardor Kariyevning advokatlari tomonidan joriy yilning aprel oyida Hindistonga amalga oshirilgan safari davomida ayrim yuridik tashkilotlar vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralari, O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi muxtor elchisi bilan uchrashuvlari hamda ommaviy axborot vositalari, internet tarmoqlari va boshqa ochiq manbalardan olingan ma’lumotlar, shuningdek, advokatlik so‘rovlari asosida olib o‘rganilgan hujjatlar tahlilida quyidagilar aniqlandi.

Ya’ni dastlabki tergov qilishi kerak bo‘lgan narsani biz qilyapmiz, o‘zi qonunda advokatlarga surishtiruv o‘tkazish mumkin emas, lekin bizning [boshqa] ilojimiz yo‘q.

Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi 2023-yil 10-mayda 186−3 moddasi 4 qismi “a” bandi bilan ayblangan Sachin Jainga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llagan.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

Mana shu kishi Sachin Jain hisoblanadi. Sirtdan qamoqqa olish bo‘yicha ajrim bor. Bu hujjatlar jinoyat ishida mavjud emas. Hujjatlarni biz dastlabki tergov organi so‘roviga berib, oldik. [Sachin Jain] asosiy shaxs bo‘la turib, nega [sudlanuvchilar orasida yo‘q], nimaga asosan uni javobgarlikka tortmagansizlar deganimizdan keyin bizga 45 varaqadan iborat hujjat berishdi. Sudga ham taqdim qilaman.

Agar ajrimga e’tibor beradigan bo‘lsak, “Dastlabki tergov davomida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra Hindiston Respublikasi fuqarosi Sachin Jain Hindistondagi Marion Biotech va O‘zbekistondagi Quramax Medical korxonasining norasmiy rahbari bo‘la turib, bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan sifatsiz dori vositalarini olish, saqlash, tashish va o‘tkazish jinoyatini qasddan sodir etgan” deb qayd etilgan.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

Hindiston hukumatining Korporativ ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘rilayotgan jinoyat ishidan qismi ajratilgan Quramax Medical norasmiy rahbari Sachin Jain Marion Biotech Private Limited korxonasida 2011-yil 8-apreldan bugungi kungacha boshqaruvchi direktor sifatida rahbarlik qilib kelmoqda. Sachin Jainning turmush o‘rtog‘i Jaya Jain 2021-yil 7-iyundan boshlab ikkinchi direktor sifatida faoliyat olib bormoqda.

Bu degani unga nafaqat olish, saqlash, tashish, o‘tkazish, balki ishlab chiqarish aybi ham qo‘yilishi kerak. Dastlabki tergov bu bo‘yicha ish olib bormaganligi sababli o‘sha paytda bularni qo‘ymagan.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud


“The Company Check” tashkilotidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yil 31-mart holatiga Marion Biotech Private Limited aktivlari 15 million 800 ming dollarni tashkil qilib, Sachin Jain 76,59 foiz ulushda va turmush o‘rtog‘i Jaya Jain 11,89 foiz ulushda korxona ta’sischilari ekanligi, shuningdek, [ularning] har biri 26−27 ta boshqa korxonalarda rahbar va ta’sischi ekanligi ko‘rinib turibdi.

Ya’ni ular faqat Marion Biotech emas, yana boshqa 25−26 ta kompaniyalarning ham egasi. Demak, Sachin Jain nafaqat O‘zbekistondagi Quramax Medical norasmiy rahbari, shu bilan birga “Dok-1 Maks va “Ambronol” siroplarini ishlab chiqargan Hindistondagi Marion Biotech korxonasining rahbari va ta’sischisi ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Marion Biotech ishlab chiqargan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplari tarkibida etilenglikol va dietilenglikol aniqlanganligi tufayli, biz advokatlar ularning bu siroplar tarkibiga qo‘shilib qolishi sabablarini o‘rganishga harakat qildik.

Jinoyat ishi materiallarida mavjud laboratoriya xulosalaridan etilenglikol va dietilenglikol moddalari aniqlangan seriyalarda propilenglikol moddasi miqdori kam chiqqanligi sababli propilenglikol moddasi diqqatimizni tortdi.

O‘rganishlarimiz natijasida propilenglikolning o‘zi ikki turga, ya’ni iste’mol uchun mumkin bo‘lmagan sanoat turiga va yuqori darajada tozalangan hamda iste’mol uchun xavfsiz bo‘ladigan farmatsevtika sanoatda qo‘llanilishga ruxsat etilgan turlarga bo‘linishini aniqladik.

Hurmatli sud, 1-ilovada keltirilgan jadvaldan aynan ushbu ikki xil propilenglikol turlaridagi farqlarni batafsil ko‘rishingiz mumkin.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

Yuqoridagi ma’lumotdan kelib chiqib hamda sanoatda qo‘llaniladigan propilenglikol tarkibida etilenglikol va dietilenglikol katta miqdorda mavjud bo‘lishini inobatga olganda, Hindistondagi Marion Biotech Private Limited tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplari tarkibida etilenglikol va dietilenglikol aniqlanganligi, ishlab chiqaruvchi sifatsiz (sanoat turdagi) propilenglikol ishlatganligidan dalolat bermoqda.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

4-ilovada dunyo bozorida propilenglikol narxlarining 2021−2022-yillar davomida keskin ko‘tarilishi ham ushbu xulosaga kelishimizga sabab bo‘lmoqda.

Bu yerda grafiklarni ko‘rish mumkin. Eng cho‘qqiga chiqqan davr 2021-yilning dekabr oyida bo‘lgan. Sanoatda qo‘llaniladigan propilenglikol 2530 dollar, farmatsevtikada qo‘llaniladigani esa 3200 dollarni tashkil qilgan. Ya’ni o‘rtadagi farq 28 foiz.

Jumladan, 4-ilovada keltirilgan “Businessanalytiq.com” axborot-tahlil tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yil iyun oyida propilenglikolning o‘rtacha narxi 1000 AQSh dollarini tashkil qilgan, 2021-yil aprel oyiga kelib, ushbu narx 2 baravarga oshgan va 2021-yil dekabr oyigacha ko‘tarilish davom etib eng yuqori cho‘qqisiga yetgan.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

5-ilovada propilenglikolning qayerdan olganligi keltirilgan. Bunday vaziyatda, Marion Biotech Private Limited korxonasi ishlab chiqarilgan tovarning qimmatlashuviga olib kelmaslik va shu orqali dori-vositalari bozorida raqobatchilardan ustun bo‘lish maqsadida, unga oldindan propilenglikolni yetkazib bergan Maya Chemtech korxonasi vositachiligida, Manali Petrochemicalc tomonidan ishlab chiqarilgan va aprel oyida 4242 dollariga xarid qilinib kelingan propilenglikolning o‘rniga 2021-yilning dekabridan boshlab CK Picglobal tomonidan ishlab chiqarilgan narxi 2945 dollar, 30 foiz arzon bo‘lgan propilenglikolni sotib olishni boshlagan.

Bular Hindiston inspektarati tomonidan borib, ishlab chiqaruvchi zavod tekshirilganda aniqlangan.

2021-yil dekabrdan 2022-yil avgustiga qadar Maya Chemtech korxonasi tomonidan yetkazib berilgan, CK Picglobal tomonidan ishlab chiqarilgan propilenglikolni sotish invoyslarida uning qaysi farmakopeya (Britaniya yoki Hindiston)ga tegishliligi, ishlab chiqaruvchisi va seriyasi ko‘rsatilmaganligi, mahsulotning ishlab chiqaruvchisi tomonidan berilishi shart bo‘lgan sifat sertifikatlari taqdim qilinmaganligi holatlari mahsulotni qabul qilmaslikka asos bo‘lsa-da, Marion Biotech Private Limited korxonasi bu propilenglikolni qaytarib yubormasdan, ushbu kamchiliklarga va, ayniqsa, mahsulotning sifat sertifikati bo‘lmaganligiga atayin ko‘z yumib, siroplarni ishlab chiqarish uchun qabul qilgan.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

Marion Biotech Private Limited korxonasi ushbu xomashyo farmakopeya talablariga javob berishini tasdiqlash maqsadida Britaniya farmakopeya talablari asosida o‘zining laboratoriyasida sinovlar o‘tkazib, o‘zi tomonidan sifat sertifikati rasmiylashtirib, ishlab chiqarishga ruxsat bergan.

Ushbu holatlar 9 va 10-ilovada keltirilgan Marion Biotech va Maya Chemtech korxonalar tomonidan tekshiruvchi inspektorlarga bergan tushuntirish xatlarida ham o‘z tasdig‘ini topgan.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

Ya’ni 2022-yil 29-dekabrdagi Marion Biotech korxonasi “Biz ulardan bir necha marta materiallarni yetkazib berish uchun sifat sertifikati so‘radik, lekin ular tomonidan taqdim etilmagan. Shunda biz mahsulotga talab qilinadigan Britaniya farmakopeyasi bo‘yicha materialni sinovdan o‘tkazib, ishlatdik”, deyilgan bo‘lsa, 2023-yil 1-fevraldagi Maya Chemtech korxonasining “Sifat sertifikatini taqdim eta olmadim, chunki sifat sertifikati mahsulot bilan birga foydalanuvchilarga yoki treyderlarga yetkaziladi”, deb bayon qilganlar.

Ya’ni Maya Chemtech korxonasi biz mahsulot yetkazib berganimizda sertifikatni berganmiz deyapti, Marion Biotech esa bizda sertifikat yo‘q, biz bilmaymiz, deyapti.

2022-yil 27-dekabrda Marion Biotech korxonasida davlat inspektorlari tekshirish o‘tkazib xomashyo omborxonasida saqlanayotgan CK Picglobal tomonidan ishlab chiqarilgan propilenglikolning F00455UG seriyasidan namunalar tanlab olishgan.

7-ilovada keltirilgan Hindiston davlat laboratoriyasining 2023-yil 19-yanvardagi xulosadan tanlab olingan propilenglikolda 81,63 foiz etilenglikol mavjudligi va uning zichligi 1,1356 g/sm3 ekanligi aniqlangan.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

Mazkur holat Marion Biotech Private Limited korxonasi tomonidan F00455UG seriyasiga rasmiylashtirilgan sifat sertifikatiga propilenglikol chinligini aniqlashga qaratilgan quyidagi ikkita ko‘rsatkich bo‘yicha haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni kiritganligini ko‘rsatadi:

Birinchi ko‘rsatkich — Britaniya farmakopeyasi bo‘yicha propilenglikolning nisbiy zichlik ko‘rsatgichi 1,035−1,040 g/sm3 doirasida bo‘lishi belgilangan. Marion Biotech korxonasi tomonidan rasmiylashtirilgan 2022-yil 2-sentabrdagi sifat sertifikatda nisbiy zichlik davlat laboratoriyasida aniqlangan 1,1356 g/sm3 o‘rniga propilenglikolning me’yoriy ko‘rsatkichlarga yaqinlashtirib 1,037 g/sm3 qilib ko‘rsatgan. Ya’ni noto‘g‘ri ma’lumot kiritilgan.

Demak, laboratoriya sinovidan o‘tkazilgan propilenglikol namunasida 81,63 foiz etilenglikol bo‘lganligi uchun ushbu nisbiy zichlik ko‘rsatgichi etilenglikolning 1,1132 g/sm3 zichligiga yaqin kelgan.

Ikkinchi ko‘rsatkich — qaynash harorati Britaniya farmakopeyasi bo‘yicha 184 — 189 gradus belgilanganligini hisobga olib, sertifikatda 187,5 gradus qilib kiritilgan. Vaholanki, namuna 81,63 foiz etilenglikol deb aniqlanganligi sababli va etilenglikol qaynash harorati 197 gradusni tashkil etishini inobatga olib sifat sertifikatiga kiritilgan bu ma’lumot mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi degan xulosa qilsak bo‘ladi.

Qayd etilganlardan, Marion Biotech korxonasi mas’ullari Hindiston farmakopeyasi bo‘yicha sotib olingan propilenglikolning tarkibida etilenglikol va dietilenglikollarning mavjudligini va ularning miqdori (ulushi) tekshirilishi shartligini bilsa-da, bunday tekshirishni talab etmaydigan Britaniya farmakopeyasi bo‘yicha tekshirish o‘tkazganligini, soxta sifat sertifikatda moddaning nisbiy zichligi va qaynash nuqtalari (harorati) me’yordagi ko‘rsatkichlardan oshmagan deb ko‘rsatib, sirop dori vositasini ishlab chiqarishda bila turib sifatsiz moddani ishlatganliklaridan dalolat beradi.

Yana bitta narsani aytmoqchiman, Hindiston farmakopeyasi Amerika farmakopeyasi bilan bir xil ekan. Ularda ishlab chiqaruvchi xomashyoni olayotganda propilenglikolni tekshirishga majbur. Lekin Marion Biotech o‘sha paytda Hindiston va Amerika farmakopeyasi emas, Britaniya farmakopeyasi bo‘yicha olyapti, tekshirmayapti, sertifikat soxtalashtiryapti va ishlab chiqarishga ruxsat beryapti.

Afsuski, tayyor siroplar tarkibida etilenglikol va dietilenglikolni aniqlash imkonini beruvchi laboratoriya sinov usullari 2023-yilgacha Hindistonda ham, O‘zbekistonda ham, boshqa davlatlar amaliyotida ham bo‘lmagan va bu moddalarni siroplar tarkibida tekshirish jarayoni Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkiloti tomonidan sinov usullari 2023-yil iyul oyida tasdiqlanib amaliyotga joriy qilingan.

11-ilovada 2022-yilning 27, 29 va 30-dekabrida hamda 2023-yilning 12-yanvarida Marion Biotech korxonasida Hindiston Dori vositalar standartlarini nazorat qilish markazi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida tanlab olingan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” sirop namunalaridan 22 ta seriyasi standartga javob bermasligi, ularning tarkibida 45 foizgacha etilenglikol va dietilenglikol, shuningdek, propilenglikol xomashyo namunasida 81,63 foiz etilenglikol borligi aniqlanganlini to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har bir seriya kesimida keltirib o‘tdik.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

Bu yerda 2021-yildagi seriyalar boshlanadi. Bu ma’lumotlar qayerdan olingan degan savolni Hindiston nimasiga berganmiz. Ishlab chiqaruvchida depozitariy bor ekan. Har bir dorining muddati o‘tgandan keyin ham uch yil saqlash majburiyati bor ekan. Biz apellyatsiya sudiga o‘zimizdagi dorilarni ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlari bo‘yicha tekshirib qo‘yish haqida iltimosnoma kiritgandik. Lekin hal qilinmadi. [Hindiston taraf] o‘sha paytda o‘tkazgan, miqdor analizlari qilib bergan. Qaysi seriyada qancha etilenglikol, dietilenglikol borligi shu yerda ko‘rsatilgan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha 2023-yil oxiri va 2024-yil boshlarida Marion Biotech Private Limited va Maya Chemtech India Private Limited rahbarlari va boshqalarga nisbatan, Hindiston Respublikasining 1940-yildagi Dori vositalar va kosmetika to‘g‘risidagi qonunining 17(a) va 17(b) moddalariga asosan inson hayotiga xavfli va jiddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan sifatsiz, soxta va qalbaki deb topilgan dori vositalarini ishlab chiqarish va sotishda ayblanib, Jinoyat kodeksining 274, 275, 276-moddalari bilan bugungi kunda 6 ta jinoyat ishlari bo‘yicha sud davom etmoqda.

Endi Hindistonda sudlar boshqacha ekan. Kvartalda bir, yilda bir marta mana shunday cho‘zilib ko‘rilarkan. 15 yilgacha ham cho‘zilishi mumkin.

Jinoyat ishi bo‘yicha quyidagilarga ayblov e’lon qilingan:

(A-1) — Marion Biotech Private Limited,

(A-2) — Jaya Jain, Sachin Jainning turmush o‘rtog‘i, kompaniya direktori,

(A-3) — Sachin Jain, direktor va kompaniya ta’sischisi,

(A-4) — Tuxin Bxattacharya, operatsiya rahbari,

(A-5) — Atul Ravat, ximik-ishlab chiqaruvchi,

(A-6) — Mul Singx, ximik-tahlilchi.

(A-7) — Maya Chemtech India Private Limited kompaniyasi

(A-8) — Megx Sharma, direktor

(A-9) — Niilam Verma, direktor

Fikrimizcha, O‘zbekistonda siroplar iste’moli natijasida kelib chiqqan og‘ir oqibatlari to‘g‘risida Hindiston huquq muhofaza qiluvchi organlarda rasmiy ma’lumot bo‘lmaganligi sababli ko‘rib chiqilayotgan jinoyat ishlarda Hindiston qonunchiligiga muvofiq uncha og‘ir bo‘lmagan, ya’ni sanksiyasida bir ming rupiy, ya’ni 150 ming so‘m jarima yoki olti oygacha qamoq jazosi nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganliklari bo‘yicha ayblov e’lon qilingan!

Ya’ni Hindistonda bizda shuncha bolalar olamdan o‘tganligi haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Shuning uchun bularda faqat sifatsiz dori ishlab chiqarilganligi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu bo‘yicha o‘sha yuqorida aytilganidek eng ko‘pida olti oygacha qamoq berilishi mumkin.

Aslida esa 1940-yil “Dori vositalar va kosmetika to‘g‘risidagi” qonunining 27-moddasiga ko‘ra “qalbaki” yoki “soxta” dori vositalari iste’moli natijasida o‘lim yoki og‘ir tan jarohatlari olinsa, o‘n yildan to umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi, shuningdek, jabrlanuvchilarga bir million rupiydan (taxminan 13,000 dollar) kam bo‘lmagan tovon puli solishga sabab bo‘ladi.

Shuning uchun 2000-yil 2-maydagi O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o‘rtasida tuzilgan “Jinoiy ishlar yuzasidan o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risida”gi shartnomaga muvofiq, aybdorlarning harakatlarini to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish maqsadida Bosh prokuraturaning xalqaro boshqarmasi orqali “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplarining iste’mol qilishi natijasida respublikamizda bolalar o‘limi va hayot uchun xavfli og‘ir tan jarohatlari kabi salbiy oqibatlar kelib chiqqanligini isbotlovchi dalil-hujjatlarni tegishlicha taqdim qilish lozim.

Ommaviy axborot vositalarida Marion Biotech va uning mansabdor shaxslariga nisbatan Hindistonda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tarqalgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida 2023-yil mart oyida tergov organi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali tegishli so‘rovnoma yuborgan.

2024-yil mart oyida, advokatlarga berilgan javobda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Hindiston tarafdan yuqorida aytilgan so‘rovnomaga hech qanday javob berilmaganligini ma’lum qilingan.

Ya’ni Hindiston umuman bizni nazarga ilmaydimi yoki bilmayman, umuman javob bermaydi. Bu nima bu? Ikkita davlat-ku. Biz o‘zimiz chiqqanimiz yo‘q-ku. Tashqi ishlar vazirligi chiqyapti. Mana shunday bo‘lgan.

“Dok-1 maks” va “Ambronol” siroplarini ishlab chiqargan Marion Biotech mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga to‘g‘ri huquqiy baho berish, ushbu fojia sabablarini va haqiqiy aybdorlarni birgalikda aniqlash, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni bartaraf etish, hamda kelajakda bunday holatlarning oldini olish uchun zarur bo‘lgan tizimli yechimlarni birgalikda ishlab chiqish o‘rniga, Hindistonning tegishli vakolatli organlari tomonidan sukut saqlab kelayotganligi achinarli holat.

Bunday vaziyatda diplomatik kanallarning kuchi yetmasa, Hindistonning barcha dori ishlab chiqaruvchilariga nisbatan O‘zbekistonga importini ruxsat berishni vaqtincha to‘xtatish kabi cheklovlarini qo‘llash haqidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining muhokamasiga olib chiqib, shu orqali mazkur muammoga Hindiston hukumati, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar e’tiborini qaratish zarur deb o‘ylaymiz.

Bundan tashqari, qismi ajratilgan jinoiy ish doirasida 2023-yil may oyida Sachin Jain ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, tergovga kelishdan bo‘yin tovlab, qochib yashirinib yurganligi sababli unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan va sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash bo‘yicha sud ajrim chiqargan. Lekin bugungi kungacha amalga oshirilmayapti. Biz bu bo‘yicha ham biz tegishli organlarga murojaat qilishimiz kerak.

док-1 maks, док-1 maks ishi, репорtaж, сaрдор кaриев, sud

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Interpol milliy markaz byurosi orqali Sachin Jain xalqaro qidiruvga berilganidan so‘ng u Birlashgan arab amirliklari davlatida aniqlangan ekan.

2023-yil 2-avgustda Abu Dabi Interpol milliy markaz byurosidan u qo‘lga olinganligi shu bilan birga ekstraditsiya materiallarini taqdim etish to‘g‘risidagi ma’lumot kelib tushgan.

Ushbu ma’lumotga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Interpol milliy markaz byurosi tomonidan qidiruvdagi shaxs aniqlanganligi hamda uni Dubaydan ekstraditsiya qilish maqsadida tegishli materiallarni arab tiliga tarjima qilingan shaklda diplomatik kanallar orqali BAA Adliya vazirligiga qisqa muddatlarda taqdim etilishi kerakligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Interpol milliy markaz byurosi tomonidan 2023-yil 3-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuraturasining tegishli boshqarmalariga xabar berilgan.

Shundan so‘ng 2023-yil 10-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan arab tiliga tarjima qilingan materiallar nusxalari Abu Dabi Interpol milliy markaz byurosiga ekstraditsiya jarayonini tashkil etish maqsadida;

2023-yil 14-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan BAA Adliya vazirligiga arab tilidagi ekstraditsiya materiallari nusxalari ekstraditsiya jarayonini tezlashtirish maqsadida;

2023-yil 17-avgust kuni mazkur materiallar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Interpol milliy markaz byurosi tomonidan Abu Dabi Interpol milliy markaz boshqarmasiga yuborilgan.

Shundan keyin jim-jit, javob yo‘q.

2023-yil 18-noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Interpol milliy markaz byurosining Abu Dabi Interpol milliy markaz byurosiga yuborilgan so‘roviga javoban, BAAning tegishli organlariga so‘ralgan ma’lumotlar taqdim etilmaganligi sababli Sachin Jainga nisbatan qidiruv hamda qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinganligi to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgan.

Ya’ni hozir men aytib o‘tgan sanalarda birdaniga uch kun ichida arab tiliga tarjima qilib, Prokuratura, DXX tomonidan hamma hujjatlar yuborilsa-da, BAA “Yo‘q, bizga vaqtida kelmagan-ku, biz qo‘yib yubordik”, degan javobni beryapti.

Afsuski, noma’lum sabablarga ko‘ra ko‘rsatilgan kamchiliklar tezkorlik bilan bartaraf qilinmaganligi natijasida BAA hududida qidiruv va cheklovlar qayta qo‘yilmaganligi sababli o‘ta og‘ir jinoyatda ayblanayotgan Sachin Jain jinoiy javobgarlikdan qutulib kelmoqda.

  • Yuqoridagilarga ko‘ra suddan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturalarning qayd etilgan faktlariga e’tiborini qaratib, birinchidan Hindiston Respublikasining 1940-yildagi “Dori vositalar va kosmetika to‘g‘risidagi” qonunining 17(a) va 17(b) moddalariga asosan soxta va qalbaki deb topilgan dori vositalarning ishlab chiqaruvchi Marion Biotech mansabdor va boshqa shaxslarga nisbatan Hindistonning Jinoyat kodeksining 274, 275, 276-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan va bugungi kunda sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha aybdorlarning harakatlarini to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish maqsadida 2000-yil 2-maydagi O‘zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o‘rtasida tuzilgan “Jinoiy ishlar yuzasidan o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risida”gi shartnomaga muvofiq “Dok-1 Maks” va “Ambronol” siroplarining iste’mol qilishi natijasida respublikamizda bolalar o‘limi va hayot uchun xavfli og‘ir tan jarohatlari kabi salbiy oqibatlar kelib chiqqanligini isbotlovchi dalil-hujjatlarni tegishli tartibda Hindistondagi jinoyat ishi hujjatlariga qo‘shish uchun taqdim etish;
  • Ikkinchidan, Sachin Jainga e’lon qilingan qidiruv bo‘yicha aynan BAA hududida qidiruv va cheklovlarni qayta tiklash bo‘yicha chora tadbirlarni ko‘rish haqidagi ajrim chiqarishingizni so‘raymiz.
  • Shuningdek, “Dok-1 maks” va “Ambronol” siroplarini ishlab chiqargan Marion Biotech mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga to‘g‘ri huquqiy baho berish, ushbu fojia sabablarini va haqiqiy aybdorlarni birgalikda aniqlash maqsadida tergov organi yuborgan xatlarga Hindiston tomon javobsiz qoldirib shu yo‘nalishda hamkorlik qilmaganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Hindistonning barcha dori ishlab chiqaruvchilariga nisbatan importni ruxsat berishni vaqtincha to‘xtatish kabi cheklovlarini qo‘llash haqidagi taklifni muhokamaga olib chiqish haqidagi ajrim chiqarib, shu orqali mazkur muammoga Hindiston hukumati, Jahon cog‘liqni caqlash tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar e’tiborini qaratishingizni so‘raymiz.

Men iltimosnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni yozma ravishda taqdim qilaman. Hurmatli sud, hozir jabrlanuvchilar “Bu yerda kim aybdor”, deb savol beryapti. Mana distribyutor o‘tiribdi, “Mening nima aybim bor?”, deyapti. Lekin ishlab chiqaruvchiga nisbatan hech kim chora ko‘rmayapti. U ozodlikda yuribdi. Lekin asl aybdor shular-ku. O‘zbekistondagilar [sudlanyapti]. Hozir ko‘ryapmiz, tergov [sudlanuvchilarga] “Dok-1 Maks” orqali emas, “Kuraraks” dori vositasi orqali [ayb] qo‘ygan. Holat o‘zi “Dok-1 Maks” bo‘yicha-ku. O‘lim shu dori bo‘yicha bo‘lyapti. Lekin “Dok-1 Maks” bir chetda qolib ketyapti. O‘sha narsani tekshirish va tegishli ajrim chiqarib, o‘z munosabatingizni chiqarishni so‘rayman. E’tiboringiz uchun rahmat.

Sudya: Marhamat, qolgan himoyachilar, iltimosnomani qo‘llab-quvvatlaysizlarmi?

Sardor Kariyevning advokati Ulug‘bek Latifov: Hurmatli raislik etuvchi, [iltimosnomani] qo‘llab-quvvatlagan holda ozgina qo‘shimcha qilmoqchi edim. Biz hamkasbim Temur Rahmatov aytgan masalalarni tahlil qilib, borib haqiqatdan Hindistondagi hamkasblarimizga uchrashdik. Ularda jinoyat ishlari bo‘yicha ochiq baza bor ekan. Advokatlarda “dostup” bor. Yuqoridagilarni ular bergan ma’lumotlar asosida tahlil qilib bayon qildik. Avvalambor o‘zimizning DXX baraka topishsin, hamma ma’lumotlarni berishdi. Hozir sizlarga o‘shalarning tahlilini qilib berdik.

Hurmatli sud, iltimosnomamizdan maqsad, bu hukumat darajasida hal bo‘ladigan masala. Sizlar taqdimnoma kiritib bersangiz, bu masalaga hukumatning, tegishli tashkilotlarning e’tibori qaratilsagina hal bo‘ladi. Bo‘lmasa, biz mana bunaqa so‘rovlar bilan Prokuraturaga, DXXga, Interpolga murojaat qilib yuraveramiz.

Ularning har bittasi o‘zining vazifasini qilib qo‘yibdida. Tergov qidiruv e’lon qilgan, Bosh prokuratura perepiskani amalga oshirishni ta’minlab qo‘ygan, MIB qizil kartochkalarni qo‘yib qo‘ygan, lekin ishlab chiqaruvchi Sachin Jain Dubayda, Hindistondagi zavodlarini ishlatib yuribdi. BAA esa hujjatlarni vaqtida taqdim qilmagansizlar deb qizil kartochkani yechyapti.

Shuning uchun sizlardan iltimos qilyapmizki, bu masalani ko‘tarish kerak. Boshqa bunaqa imkoniyat bo‘ladimi, yo‘qmi, hech kim bilmaydi. Hamkasbim aytganidek Hindistondan keladigan barcha dorilarga barer qo‘yibmi, boshqa qilibmi, endi bu hukumat a’zolari muhokamasiga qo‘yiladigan masala.

Lekin aynan bugungi apellyatsiya instansiyasida bu narsaga e’tibor qaratilmasa, oldingi iltimosnomalarimizda aytganimizdek, dorini ishlab chiqaruvchi ozodlikda, hech qanday jazosiz yursa, kelgusida nafaqat Hindistonda, boshqa davlatlardan ham bizga kirib keladigan sifatsiz dorilarning oldi olinmaydi. Faqatgina shunaqa keskin choralar ko‘rish orqali shu masalaning oldini olish mumkin.

Biz himoyamiz ostidagi shaxsning javobgarligi-yu, bugungi protsessdan boshqa masalaga o‘tyapmiz-da. Bu aynan shu protsessda hal bo‘ladigan masala. E’tiborga olishingizni so‘rayman. Ko‘p hujjatlarimiz qolib ketyapti, lekin biz asosiy rezyumeni sizlarning qo‘lingizga berganmiz.

Advokatlar O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi bilan ham gaplashdik, hamma hujjatlar ishlanyapti. Lekin faqat perepiska qolib ketyapti, amaliy ishlar yo‘q. Interpolga bir nechta savollar berdik. Uch varaq, to‘rt varaq beryapmiz, qisqagina, “ish olib borilyapti, tashkil qilingan, qidiruv tadbirlari davom etyapti”, degan javob bo‘lyapti.

Yana bitta misol, O‘zbekiston sud-huquq tizimida sirtdan hukm amaliyotimizda bor. Kecha OAVdan nusxa qilib olgandim, 2023-yilda sirtdan hukm chiqarish bo‘yicha bir nechta ishlar bo‘lgan ekan. Nima uchun shuni Sachinga yoki zavod egalariga nisbatan tashkil qilolmayapmiz? Mana shu masalalarga ham e’tiboringizni qaratishingizni so‘raymiz.

Sudya: Tushunarli, qolgan himoyachilar iltimosnomani qo‘llab-quvvatlaysizlarmi?

Zaldagi hamma advokatlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Jabrlanuvchilardan birining onasi: Gapirsam bo‘ladimi?

Sudya: Qoraqalpog‘iston, nima demoqchisizlar?

Jabrlanuvchi: Demoqchimanki, bu sud 2022-yildan beri cho‘zilib kelyapti. Masalan, men may oyining boshida qizimni Bolalar milliy tibbiyot markaziga qayta olib borganman. Boshida sudda aytgandim, buyragida qayta tiklanmaganligi va yuzida tortishishlar aniqlangandi. Tortishishlar yana kuchayyapti, yana ortga tortilyapti. Chunki men o‘tgan yildan beri davolatishni to‘xtatib qo‘yganman. Sababi mablag‘im yo‘q. Borini ham eshigimgacha taqillatib qarzini so‘rab berganlarga beryapmanda.

Kecha do‘xtir ham o‘tgan yildan beri davolatishni to‘xtatib qo‘ydinglar deb aytyapti. Davolatishni o‘zi bo‘lmaydi-da. Bir martasiga kamida 5−6 million so‘m ketadi. Avvalambor, o‘tib ketgan bolalarni Xudo rahmatiga olsin, lekin tirik bolalarning sog‘ligini qayta tiklashga e’tibor qaratishning iloji bormi? Hammasi moddiy yordamga taqalyapti.

Mana pullar taqsimlab berildi-ku, o‘sha pullarni omon qolgan bolalarning sog‘ligini tiklash uchun qaratsalaring qanaqa bo‘larkan? Chuni vaqt o‘tib ketyapti. Qo‘limizda borini omon olib qolaylik. Bu boshqalarga qattiq botmasligi mumkin. Ota-onalarga qiyin bo‘lyapti-da. Farzandlar qiynalyapti, uni ko‘rib ota-onalar ikki karra qiynalyapti-da. Hammasi mablag‘ga borib taqalyapti.

Shundog‘am 2022-yilda kasal bo‘lganimizda bo‘larimiz bo‘lib, bo‘ynimizgacha qarzga botgan bo‘lganmiz, uyimizni sotsak, undan ham katta bolalarimiz bor, kvartirada yurishning iloji yo‘qda. Faqatgina yashashga uyimiz qolgan, undan ham ayrilsak, bilmadim endi oxiri qanday bo‘ladi? Shunga ham ozgina e’tibor qaratsanglar.

Sudya: Tushunarli. Hozir eshitgan bo‘lsangiz, boya so‘radim, aynan Kariyevning onalari o‘z xohishi bilan murojaat qilgan holat bo‘yicha so‘radim, javoblarni eshitdingiz. Bular ayblilik masalasi ko‘rib chiqilaversin, lekin o‘zimiz shu holatga, jabrlanuvchilarga yordam qilamiz degan masalada ariza yozgan ekanlar. Shu bo‘yicha yana bir marta so‘radim. Mana advokatning gapini eshitdingiz, qancha summa to‘lamoqchi bo‘lganini, boshqasini. Buni muhokama qilamiz, bo‘ldi, aytdim. Shuning uchun oldinroqdan harakatinglarni qilinglar, sud sun’iy ravishda cho‘zilmasin degan maqsadda yana bir marta so‘radim bugun.

Jabrlanuvchi: Chunki vaqt o‘tyapti, vaqt o‘tgan sari yuz nervlari qotib qolish imkoniyati ko‘proq bo‘larkan. O‘zi qiz bola bo‘lsa, farzandimning kelajagi nima bo‘ladi? To‘g‘risi, bu ota-onalarga og‘ir botadi-da. Shuni tezlashtirib bersanglar yaxshi bo‘lardi-da. Masalan, men Kariyevning onasi qilgan [taklifiga] roziman-da. Aytyapti-ku, sud hal qiladi, boshqasi deb. Men qabul qilaman.

Sudya: Bo‘ldi, tushundim. Advokat tomonidan keltirilgan iltimosnomani qo‘llab-quvvatlaysizlarmi?

Jabrlanuvchi: Ha, tasdiqlayman, yuz foiz tasdiqlayman.

Sudya: Marhamat, hurmatli prokuror.

Prokuror Saidmurod Nasrullayev: Hurmatli raislik etuvchi, haqiqatdan advokatlarimiz tomonidan ishlab chiqaruvchining faoliyatiga oid bo‘lgan yaxshi tahlil bo‘libdi. Tahlilda asosiy fikrlar keltirilgan, asosiy joylarning barchasi ko‘rsatib berilgan ekan. Shu jihatdan biz barchamiz bilamizki, ishlab chiqaruvchiga nisbatan alohida jinoyat ishi ajratilgan. Biz jinoyat protsessual kodeksi talabidan chiqib ketolmaymiz. Ya’ni bir tarafda bizda sudlanuvchilarimiz aniq, ko‘rilayotgan masalamiz aniq. Lekin bu yoqda jinoyat alomatlari mavjudligi vajlari keltirilganini inobatga olgan holda himoyachimizni aynan mazkur holatlar yuzasidan ajrimni chiqarib, u ajrimni tergovga yuborish bo‘yicha bir qismini qanoatlantirishingizni so‘rayman.

Sudya: Demak, bu iltimosnomaning hamma hujjatlarini ko‘rib chiqib, biz keyingi sud majlisining boshlanishida hammaning fikrini eshitib oldik, iltimosnoma bo‘yicha fikr bildiramiz.

Guvoh Gulchehra Boltaboyeva ko‘rsatmasi

Sudya: Guvoh — Boltaboyeva Gulchehra Erkinovna. 1968-yil 19-aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, oilali, bir nafar farzandi bor. Ma’lumoti oliy, muqaddam sudlanmagan. Davlat Markazi dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi mudiri lavozimida ishlagan.

Guvoh Gulchehra Boltaboyeva: Hozir lavozimim o‘zgargan.

Sudya: Bizni qiziqtirgan vaqtda shu lavozimda ishlagansiz. Demak, siz ham ushbu hukm bo‘yicha sudlangansiz. Lekin hukmning sizga oid qismi emas, apellyatsiya tartibida apellyatsiya shikoyati keltirganlar qismi ko‘rilyapti. Bir-ikkita holatga aniqlik kiritish uchun iltimosnoma kiritishgandi, sizni shuning uchun chaqirtirganmiz. Birinchi instansiya sudida bergan ko‘rsatmalaringizni tasdiqlaysizmi?

Gulchehra Boltaboyeva: Tasdiqlayman.

Sudya advokatlarga qarab: Qaytadan eshitamizmi yoki savollar bo‘lsa, so‘raymizmi?

Sudlanuvchi Singh Ragvendra Pratapning advokati Davron Ahmadov: Bizda savollar bor.

Sudya: O‘rtoq prokuror sizda savollar yo‘qmi?

Prokuror: Yo‘q.

Sudya: Marhamat advokatlar, savollar bo‘lsa.

Advokat Davron Ahmadov: Assalomu alaykum, Gulchehra opa. Yaxshimisiz? Birinchi savol “Dok-1 Maks” tarkibidagi etilenglikol bo‘yicha. Etilenglikol bo‘yicha juda ko‘p fikrlar bo‘lgan. Bu zaharmi yoki zararli moddami? Shunga aniqlik kiritib bersangiz.

Gulchehra Boltaboyeva: O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida etilenglikol zaharli modda degan hech qanaqa norma yo‘q. Bitta qonunosti hujjati bor, O‘zbekistonga olib kiriladigan portlovchi moddalar va zaharli moddalar ro‘yxati bor. Masalan, ro‘yxatda simob tuzlari zahar deb aytilgan. Lekin u ro‘yxatning ichida etilenglikol yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: Keyingi savolim, etilenglikolning qancha miqdori inson organizmi uchun xavfli hisoblanadi, ximik sifatida sizning xabaringiz bormi? O‘zi hamma dori vositasining kimyoviy tarkibi bo‘ladi. Dorilarning hammasida ximikatlar bor. Umuman olganda, dorining hammasi zarar-da. Bu yerda etilenglikolning qanaqa miqdori organizmga zarar bo‘lishi mumkin?

Gulchehra Boltaboyeva: Bu to‘g‘risida juda ko‘p ma’lumotlar bor. Men oxirgi o‘qigan adabiyotlarimda bir kilogramm vaznga 1,5 millitrdan — 5 millilitrgacha bir marta qo‘llanilganda o‘lim holatiga olib keladi degan ma’lumotlar bor. Ayrim manbalarda 50 millilitrdan — 500 millilitrgacha degan ma’lumotlar ham keltirilgan.

Advokat Davron Ahmadov: Men o‘qigan adabiyot — Kramarenkoning sud kriminilistikasiga oid kitobida 200 millilitrdan — 500 millitrgacha sof etilenglikol ichilgan taqdirda o‘lim holatiga olib keladi deb berilgan. O‘zingiz bilasiz, 100 milligramm “Dok-1 Maks”da o‘rtacha 10 milligramm etilenglikol bo‘lgan. Bir choyqoshiqda 2,5 milligramm “Dok-1 Maks” bo‘ladigan bo‘lsa, uning tarkibida 0,5 milligramm etilenglikol bo‘ladi. Juda ko‘p holatlarda uni bolalar qusib tashlagan. Onasi berganimdan keyin qusib tashladi deyapti-da, bir kundan keyin bola o‘lyapti. Og‘ziga tushmagan bo‘lsa, bola qanday o‘lishi mumkin? Qolaversa, etilenglikolning miqdori ham 0,5 milligramm. Bu miqdor o‘limga olib kelishi mumkinmi?

Gulchehra Boltaboyeva: Hozir aytganimdek, men o‘qigan adabiyotlarda bir marta qabul qilganda 50 millilitrdan — 500 millilitrgacha deb yozilgan. Odamning katta-kichlikligi, organizmning vazniga qarab kilogrami yozilgan. Shuning uchun bu masalada bir narsa deb aytolmayman.

Advokat Davron Ahmadov: Bo‘ldi, keyingi savolim. Gulchehra opa, o‘sha payta rahbar [Sardor Kariyev]dan “Tekshirib ko‘ringlarchi, „Dok-1 Maks“ tarkibida organizmga ta’sir qiladigan qanaqadir yordamchi modda bordir”, degan topshiriq bo‘lgandan keyin siz izlanishlar o‘tkazgansiz, natijada [sirop tarkibidan] etilenglikol aniqlandi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Etilenglikol aniqlash metodologiyangiz qandaydir validatsiyadan o‘tganmi, isbotlangan yoki tan olingan, qanaqadir ilmiy adabiyotlarda nazarda tutilgan metodmi yoki o‘zingizdan kelib chiqib bu metodni o‘ylab topganmisiz? Shu haqda ma’lumot bersangiz.

Gulchehra Boltaboyeva: Mana shu voqealar [bolalar o‘limi] boshlanganda bizga chuqur izlanishlarni o‘tkazish haqida topshiriq bo‘ldi. Ungacha birinchi kun men Sardor Hikmatovichga bayonnoma berganimda normativ hujjat bo‘yicha tekshirganman, hammasi yaxshi deganman. Lekin 2022-yil 20-dekabrdan keyin chuqur izlanishlar qilish kerakligini aytishgandan keyin biz aynan etilenglikol, dietilenglikol bo‘lsa, [ularni] qanday aniqlash to‘g‘risida izlanish olib borishni boshladik.

O‘sha bir kun ichida men faoliyat yuritgan laboratoriyada laboratoriya xodimlari bilan judayam ko‘p adabiyotlarni o‘rganib chiqqanmiz. Amerika Qo‘shma Shtatlari olimlari qilgan gkilollarni aniqlash usullarini o‘rganib chiqib, laboratoriyada o‘sha usullarni qilib ko‘rganmiz. Faqat u yerda hamma glikollar haqida ko‘rsatilmagani uchun, bizga yetarli bo‘lmadi va o‘sha metodlarni takomillashtirdik.

Bir narsaga aniqlik kiritishimiz kerak. Hozirda dorilarning tahlilida ishlatiladigan uchta klassik va zamonaviy usullar mavjud. Yuqori samarador suyuqlik xromotografiyasi, gaz suyuqligi xoromotgrafiyasi va yupqa qavat xromotografiyasi. Lekin ularni o‘zimizning obyektimizga moslashtirish uchun obyektimizga nisbatan ushbu usullardan uslubiyot yaratish kerak bo‘ladi. Shuning uchun biz ma’lumotlar to‘plab, izlanishlar natijasida o‘sha metodni rivojlantirdik, ya’ni metodni metodikaga aylantirishga harakat qildik.

Laboratoriyada yuqori samarador suyuqlik xromotografiyasi, yupqa qavat xromotografiyasi usulida to‘xtadik. Gaz xromotgrafiya ham bor edi. Lekin biz o‘shalarni maqbul deb o‘yladik va shu metodni validatsiya qilishni boshladik. Validatsiya bu — metod, usulning to‘g‘riligi va to‘g‘ri natija berishini hujjatlashtirib isbotlash degani. 2022-yil 23-dekabrda o‘zimiz takomillashtirgan uslubni barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha validatsiya qilib qo‘ydik.

Advokat Davron Ahmadov: Qarang, siz birinchi marta uslubiyotni qo‘llagan, 2022-yil 26 — 27-dekabr kunlari [zahar borligini] aniqlagan vaqtingizda bu usul validatsiya qilinmagan bo‘lgan. Siz o‘zingiz o‘ylab topgan uslub bo‘lganmi? Undan keyin validatsiya qilindimi?

Gulchehra Boltaboyeva: Ha. 20-dekabrdan izlanishni boshlagan bo‘lsak, ikki kunning ichida validatsiya qildik, hujjatlar yonimda emas, advokatlarga taqdim etgan edik. Yo 22, yo 23-dekabrda biz validatsion protokollarni, metodikaning to‘g‘riligini tasdiqlatib qo‘ydik. 23-dekabr bo‘lishi kerak.

Advokat Davron Ahmadov: Bo‘ldi, validatsiya qilingan bo‘lgan, demak, yaxshi. Keyingisi, tarkib bo‘yicha siz o‘tkazgan izlanish natijasida etilenglikolning “Dok-1 Maks” tarkibidagi miqdorini ham aniqlagansizda, to‘g‘rimi?

Gulchehra Boltaboyeva: To‘g‘ri.

Advokat Davron Ahmadov: Validatsiyadan o‘tgan bo‘lsa, o‘sha miqdoriy ko‘rsatkichlar to‘g‘ri hisoblanadi[mi?]

Gulchehra Boltaboyeva: To‘g‘ri hisoblanadi.

Advokat Davron Ahmadov: Biz qilib chiqqan hisob-kitob bo‘yicha bir qoshiq “Dok-1 Maks”da qancha etilenglikol borligi siz o‘tkazgan izlanish natijasidan kelib chiqqanligi uchun ham bu savolni berdim.

Gulchehra Boltaboyeva: Bergan natijalarimiz to‘g‘ri hisoblanadi.

Advokat Davron Ahmadov: Keyingi savolim, amaliyotchisiz, hozir ham amaliyotchi sifatida ishlayapsiz-da. Bu narsa biz uchun juda muhim, buni biling. O‘sha vaqtda tergov, sud uchun qiziq bo‘lgan davrda 2022-yil iyunidan, 2022-yil oktabr oyigacha bo‘lgan vaqtda yoki “Dok-1 Maks” prolongatsiya qilingan, ya’ni registratsiyasi cho‘zilgan paytda amaldagi qonunchilik talablari, ND, mavjud reglamentlar bo‘yicha, etilenglikolni aniqlash imkoniyati bo‘lganmi?

Gulchehra Boltaboyeva: Yo‘q. Aniqlash imkoniyati bo‘lmagan, umuman bo‘lmagan. Buni tushuntirib beraman. Har bitta dori vositasining sifat nazoratiga qo‘yiladigan talablar bor, uning sifatini belgilovchi ko‘rsatkichlar bo‘ladida. Masalan, dori shakllarida, farmakopeyalarda, O‘zbekiston Respublikasining davlat farmakopeyasida, Yevropa farmakopeyasi, Amerika farmakopeyasi, hamma joyda yozilgan. Bu yerda asosan uch turdagi sinovlar keltiriladi.

Birinchisi, tasnifi, tashqi ko‘rinishi, ikkinchisi, chinligi, uchinchisi, tozalik sinovlari. Chinlik — bu haqiqatdan o‘sha dori vositasining ichida etiketikada yozilgan ta’sir etuvchi moddalar aynan etiketikada ko‘rsatilgan miqdorda bor-yo‘qligining isboti bo‘ladi. Tozalik sinovlari deganda mikrobiologik tozaligi yoki qoldiq organik etuvchilar kabi ko‘rsatkichlar kiritiladi.

Lekin siz aytayotgan propilenglikol majburiy aniqlanishi kerak bo‘lgan ko‘rsatkich emas. Chunki bu dori vositasining ichidagi yordamchi modda. U juda ham bezarar, juda ko‘p sohalarda ishlatiladigan yordamchi modda hisoblanadi. Bundan tashqari, propilenglikol suvdan ko‘ra murakkab tarkibli dori vositalari bo‘lsa, suvda erimaydigan narsalarni eritish uchun judayam bir yaxshi erituvchi hisoblanadi. Shuning uchun juda ko‘p dori turlarida propilenglikol ishlatiladi. U yordamchi modda bo‘lgani uchun uni aniqlash talab etilmaydi.

Agar dori vositasida konservantlar bo‘lsa, konservantlarni aniqlash kerak degan talab bo‘lishi mumkin. Konservant nima degani? Dori vositasi uchun ikki yil yaroqlilik muddati belgilangan bo‘lsa, shu muddat ichida o‘sha dori o‘zining turg‘unligini saqlashi kerak. Buning uchun dori vositalarida mikroblar, zamburug‘lar o‘sib ketmasligi kerak. Shuning uchun bularga alohida konservantlar qo‘shiladi. Masalan, hozir ishda ko‘rilayotgan “Dok-1 Maks” siropining ichida aynan mikroblarni o‘stirmaydigan vosita — Natriy benzoat bor.

Shuning uchun u yordamchi bo‘lsa ham bu talab bo‘lgani uchun o‘sha O‘zbeksitonda ham yoki inson uchun qo‘llaniladigan dori vositalariga ro‘yxatdan o‘tkazishga bo‘lgan bir qator talablar, sifat bo‘yicha talablar bor, hamma davlat qo‘llaydi. U yerda ham konservantlarni qo‘llash aytilgan. Bu shart bajarilgan. “Dok-1 Maks”ning normativ hujjatida Natriy benzoatning ham chinligini aniqlash, haqiqatdan bormi, yo‘qmi, ko‘rsatilgan miqdorda bormi, yo‘qmi, miqdoriy aniqlanishlari ko‘rsatilgan. Bitta o‘sha yordamchi modda.

Advokat Davron Ahmadov: Demak, o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan amaldagi qonunchilik bo‘yicha dori vositasining asosiy vositalari tekshiriladi, yordamchi vositalari tekshirilmaydi. Faqat Natriy benzoatga nisbatan talab bor.

Gulchehra Boltaboyeva: Bu konservant bo‘lgani uchun.

Advokat Davron Ahmadov: Konservant bo‘lgani uchun tekshirilgan. Qolgan 4−5 ta yordamchi modda bo‘lgan, ular tekshirilmasligi kerak edi.

Gulchehra Boltaboyeva: To‘g‘ri.

Advokat Davron Ahmadov: Demak, har qanaqa holatda, nafaqat O‘zbekistonda, boshqa istalgan davlatda bo‘lgan taqdirda bo‘lganda ham, agar farmakopeya qoidalari bo‘lsa, kollabaratsiya natijasida hamma davlatda unifikatsiya qilib ketilgan, demak, har qanday davlatda ham tarkibida etilenglikol bo‘lgan “Dok-1 Maks” o‘tib ketishi, sotilishi mumkin, talab bo‘lmagani uchun buni aniqlashning qonun jihatdan imkoniyati bo‘lmagan.

Gulchehra Boltaboyeva: Talab bo‘lmagan.

Advokat Davron Ahmadov: Hozirgi kunda qanaqa o‘zgarish bo‘ldi?

Gulchehra Boltaboyeva: Hozirgi kunda mana bunaqa voqealar boshqa davlatlarda ham ko‘p kuzatilayotgani uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu bo‘yicha izlanish olib borishni boshladi. Ular [2023-yilning] iyul oyida xalqaro farmakopeyaga kiritish uchun ichki qo‘llaniladigan suyuq moddalarning ichida etilenglikolni aniqlash usulini ishlab chiqdi va [2023-yilning] yozida keng muhokamaga qo‘yildi. Bu JSSTning saytlarida ham muhokamaga qo‘yildi. [2023-yilning] oktabr oyida monografiya bo‘lib tasdiqlandi. Bu faqat suyuq dori turlarida aniqlash dasturi.

AQSh ham bu borada izlanishlar olib bordi. Keyin 2023-yil mart oyida qo‘llanma chiqardi. Qo‘llanma tayyor mahsulotga emas edi. Qo‘llanma “Dori vositalari tarkibidagi glitserin, propilenglikol, maltitol, suyuq sorbitol va boshqa shunaqa etilenglikol va dietilenglikol xavfi bo‘lgan shu moddalarda etilenglikol, dietilenglikolni aniqlash” deb nomlangan edi.

Biz o‘sha usulni [2022-yilning] 23-dekabrida validatsiya qilib olganmiz. Farmakopeya qo‘mitasi buni farmakopeya maqolasi qilib tasdiqlash kerak, deyishdi. [20223-yilning] 10-avgustida mana shu validatsiya qilgan uslubimiz umumiy farmakopeya maqolasi sifatida tasdiqlandi. Etilenglikol, dietilenglikolni aniqlash usullari. U yerda uchta usul taklif qilindi. Bu usullar bo‘yicha tekshiruvlar amalga oshirilyapti.

Advokat Davron Ahmadov: Keyingi savolim, birinchi instansiyadagi sudidan xabaringiz bor, O‘zbekistonga 350 ming dona “Dok-1 Maks” kirib kelgan, rastamojka qilingan, omborlarga joylashtirilgan, dorixonalarga tarqatilgan. Shundan 200 mingi sotilib ketgan, 150 mingi chaqirib olinganda. Siz ham ximiksiz, ekspertizalarda qatnashgansiz. 150 mingi chaqirib olingan bo‘lsa, 200 mingi iste’mol qilib ketilgan, lekin 68 ta o‘lim holati borda.

200 mingta dori sotib olingan bo‘lsa, nima deb o‘ylaysiz, nega ommaviy pandemiya sifatida yoki epidemiya sifatida shuncha odamning hayotiga zomin bo‘lish holati kuzatilmagan?

Gulchehra Boltaboyeva: Men ham bu savolga hayron bo‘lyapman. Chunki juda ko‘p miqdor to‘g‘risida gap ketyaptida. 350 ming bu juda katta miqdorda. Keyin mana shu dori oxirgi kelgan bitta partiyada emas, ko‘p partiyalarda uchraganda. O‘shaning uchun nimaga bunaqa bo‘lganiga men ham hayronmanda. O‘zi bitta o‘lim ham yomon, judayam achinarli hol. Lekin hozir 200 ming upakovka sotilganda, lekin 68 ta odam jabrlangan. Bu savolga men hali ham javob topolmadim.

Advokat Davron Ahmadov: Agar 200 mingta sotilgan bo‘lsa, 68 ta o‘lim bo‘lgan bo‘lsa, “Dok-1 Maks”dan murojaat qilganlar 100 tacha bo‘lgan. Endi qarang, nega aynan Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari nafaqat O‘zbekistonda, mayli, jahon demaymiz, Markaziy Osiyoning barcha davlatida bir xilda sotilgan. Masalan, [dorilar] O‘zbekiston uchun alohida zavod, Qozog‘iston uchun bitta zavod emas, bitta seriyada chiqarilganda, iste’mol talabi bo‘yicha qo‘shni davlatlarga ham yuborilgan. Lekin qo‘shni davlatlarning birortasida “Dok-1 Maks”dan zaharlanish holati qayd etilmagan. Zavod bitta, tarkibida etilenglikol bir xil, seriyalar bir xil. Farmqo‘mita bilan bog‘liq, seminar, trening, boshqa tadbirlar bo‘lganda, qo‘shni davlatlardagi hamkasblaringiz bilan uchrashganda ularda ham shunaqa zaharlanish holatlari bo‘lgan yoki yo‘qligi to‘g‘risida eshitmadingizmi?

Gulchehra Boltaboyeva: Yo‘q, eshitmadim. Lekin yaqinda, bir oy oldin Toshkentda AQSh farmakopeyasi bilan seminar bo‘ldi. U yerda Qirg‘iziston, Qozog‘istondan ham mutasaddilar, shuning ichida yurgan Farmakopeya qo‘mitasining raislari, hamma qatnashdi. Lekin ularda bunaqa ma’lumotlar yo‘q ekan. Zaharlanganlar haqida ma’lumotlar yo‘q ekan.

Advokat Temur Rahmatov: Mana siz boya aytdingiz, 2022-yil 20-dekabridan izlanishlarni boshladik dedingiz. Tekshirilgan seriyalar ichida 2021-yilning seriyalari bormidi? Propilenglikolning tarkibida etilenglikol va dietilenglikol bor degan [holat bo‘yicha].

Gulchehra Boltaboyeva: Biz juda ko‘p seriyalarni tekshirdik. Agar mening xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, 2021-yildagi ayrim seriyalardan ham chiqqan. 2021-yil may oyidan keyin chiqqan seriyalarning ichida etilenglikol uchrashni boshlagan. Keyinchalik etilenglikol bilan dietilenglikol aralashib, oxirgi seriyalarda faqat dietilenglikol chiqqanlari ham bor. Menimcha, 2021-yilning mayidan boshlangan.

Advokat Temur Rahmatov: O‘sha seriyalardan aniqlanishni boshladi.

Gulchehra Boltaboyeva: Ha. Bizga tahlilga olib kelingan seriyalardan. Menimcha, 20 ga yaqin seriyalarni tekshirdik. 2021 va 2022-yilda chiqqan seriyalar bor edi. Ungacha, may oyigacha bo‘lgan seriyalarning hammasining ichida faqat propilenglikol bor edi.

Advokat Temur Rahmatov: Boya sizga miqdor analizi bo‘yicha savol berildi. O‘sha “Dok-1 Maks” va “Ambronol” bo‘yicha. Menimcha, “Ambronol” tekshirilmagana? Yoki uni ham tekshirdinglarmi?

Gulchehra Boltaboyeva: “Ambronol”ni ham tekshirdik.

Advokat Temur Rahmatov: O‘sha miqdor analizida propilenglikolning aralashmasida etilenglikol yoki dietilenglikolning foizi qancha berilgan?

Gulchehra Boltaboyeva: Siropning ¼ qismida propilenglikol bor-da. 100 milllitr ichida 25 millilitri propilenglikol bo‘lishi kerak. O‘shanda propilenglikolning o‘rniga etilenglikol chiqishni boshlaganda. Shuni so‘ramoqchimidiz? Yoki tushunmay qoldimmi?

Advokat Temur Rahmatov: Hozir sizning gapingizdan kelib chiqib, propilenglikolning o‘rniga etilen yoki dietilenglikol quyilyapti. Propilenglikol emas, etilenglikol quyilyapti demoqchimisiz?

Gulchehra Boltaboyeva: Tahlil natijalarida ichida propilenglikol kamayishni boshlagan, uning o‘rniga etilenglikol, keyinchalik etilenglikol bilan dietilenglikol birga aniqlangan.

Advokat Temur Rahmatov: O‘shaning miqdori analizi qanaqa? Propilenglikolning ichida ruxsat berilgan 0,01 foiz ruxsat etilgan etilenglikol bilan dietilenglikolning miqdori qancha?

Gulchehra Boltaboyeva: Masalan, 10 millilitrda 1700−2000 milligramm. Menimcha, bayonnomalarimizda shunaqa. Hozir aniq miqdori esimda yo‘q. Bir xillarida 10 millilitrda 800 milligram chiqqanlari ham bor.

Advokat Temur Rahmatov: Mana shu propilenglikolning farmatsevtikada ishlatiladigan va sanoatda ishlatiladigani bor ekanda. Dietilenglikol, etilenglikol deyilmaydi, tarkibida aralashmasi bor. Mana shu ikkalasida farqlash mumkinmi, zichligi bo‘yicha, qaynash nuqtasi bo‘yicha shuni bilasizmi?

Gulchehra Boltaboyeva: Endi sanoatda ishlatiladigan propilenglikol, u ham har xil bo‘lishi mumkinda. Texnik propilenglikol bo‘lishi mumkin. Texnik deganim, tozalik darajasi juda yuqori bo‘lmasligi mumkin. Lekin farmatsevtikada ishlatiladigan propilenglikol, albatta, farmakopeyalarning monografiyalariga javob berishi kerak. Hamma farmakopeyada propilenglikolga qo‘yiladigan talablar bor. Uning tozaligiga qo‘yilgan talablar ham bor. Normalardan past bo‘lmasligi kerak.

Advokat Temur Rahmatov: Qaynash nuqtasi, zichligi bo‘yicha aytolmaysizmi?

Gulchehra Boltaboyeva: Hozir ma’lumotlar esimda yo‘q.

Advokat Temur Rahmatov: Narxi bo‘yicha-chi? Masalan, farmatsevtikada ishlatiladigan propilenglikol va tarkibidan etilen va dietilenglikol chiqqan propilenglikolning narxlari qanday?

Gulchehra Boltaboyeva: Mana shu voqealar bo‘lgandan keyin JSST vakillarining intervyulari chop etilgan. Unda “2021-yilda jahon bozorida propilenglikolning tanqisligi kuzatildi, buning oqibatida propilenglikolning boshqa arzon turlarini ishlatish boshlandi”, deb yozib qo‘yilgan.

Advokat Temur Rahmatov: Boshqa savolim yo‘q, hurmatli sudya.

Sudya: Marhamat, qolganlarda savollar yo‘qmi? Sudlanuvchilarda? Marhamat, Azimov?

Sudlanuvchi Amirxon Azimov: Assalomu alaykum, Gulchehra opa. Gulchehra opa, mana shu etilenglikol saqlovchi “Dok-1 Maks” 2021-yilning mayidan keyin ishlab chiqarilgan seriyalarida bor edi deb aytdingiz. Buni siz birga sinovlarni amalga oshirilayotganda ham, sud protsessida ma’lumotlarni tayyorlayotganda ham ko‘rgansiz. O‘sha 2021-yilda ishlab chiqarilgan partiyalar O‘zbekistonga qachon kirib kelgan?

Gulchehra Boltaboyeva: Nuriya ma’lumotlarni sudga taqdim etganda ko‘rgandim, 2021-yil may oyida ishlab chiqarilgan bo‘lsa, ikki oy, uch oy davomida kirganda, sertifikatlashtirilganda, muomalaga chiqarishga yozda ruxsat berilgan.

Sudlanuvchi Amirxon Azimov: Ikki oy bo‘ladigan bo‘lsa, etilenglikol saqlovchi “Dok-1 Maks” iyul, avgust oylarida kirib kelishni boshlagan. Aniq aytolmayman, lekin kuzatganimda taxminan shunaqa edida. Chiqarilgan sanasi bilan seriya raqami ular muvofiqlik sertifikati olganku, undan 10 kundan keyin “Quramax” MCHJ muomalaga chiqarish bo‘yicha ruxsatnoma rasmiylashtirgan.

2021-yil iyul, avgust, sentabr, oktabr, noyabr, dekabr oylarida “Qurarax” dori vositasi inspeksion tekshiruvga tushganmi? Yoki o‘sha paytda inspeksion tekshiruvdan olib tashlanmaganmi?

Gulchehra Boltaboyeva: “Qurarax” dori vositasi 2022-yil 25-mayida [inspeksion tekshiruvga] tushgan. Men keyin xabar topdim. Oldin xabar topmaganimning sababi men, jumladan, siz ham, ikkimiz birga edik, Namangan viloyatiga investitsion loyihalarini o‘rganib kelish uchun ketgan edik. Bo‘lmaganmiz. Men tergovga borganimda bildim va qatnashmaganimni aytgandim.

Sudlanuvchi Amirxon Azimov: Buni Ommaviy axborot vositalari ham inobatga olishini so‘rayman. “Qurarax” dori vositasi inspeksion tekshiruvdan olib tashlanmasdan turib, inspeksion tekshiruvga tushmasdan turib, 2021-yil iyul avgust oyida tarkibida etilen, dietilenglikol saqlovchi “Dok-1 Maks” kirib kelgan. Bu [dori] bir yil oldin bozorda bo‘lgan. Buni tekshirib kelishga hech qanday [imkon] bo‘lmagan, buni guvohning o‘zi ham tasdiqlayapti.

Endi ikkinchi savol, o‘sha payt laboratoriya sinovlarini tekshirayotganda, balki bilarsiz, balki eshitgandirsiz, eshitgan bo‘lsangiz ham aytishingiz mumkin, sizga tekshiruv uchun olib kelingan 2021-yildagi “Dok-1 Maks” qayerdan olib kelingan, Gulchehra opa? Buni o‘zi men olib kelganman, bolalar olib kelgan.

Gulchehra Boltaboyeva: Sardor Hikmatovich sizga [dorilarni] zudlik bilan dorixonalardan yig‘ish, choralarini ko‘rish haqida topshiriq berganlar. Siz raislik qilgansiz, sertifkatsiya organi va bizning tashkilotning barcha xodimlari ishtirok etgan. Olib kelib, laboratoriyaga taqdim etgansizlar. Iste’moldan, muomaladan olingan dorilarni tahlilga bergansizlar, ayrim namunalar bolalarga ichirilgan dorilar bo‘lib, Samarqanddan olib kelingan.

Sudlanuvchi Amirxon Azimov: Siz kengashga 25 yildan ortiq muddatda a’zosiz. Bu holat bo‘yicha ma’lumotingiz bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Savol shundan iboratki, 2023-yil 31-yanvar, shu men rahbarlik qilgungacha bo‘lgan vaqtda ekspertlar kengashida ma’lum bir ishlab chiqaruvchi qaysidir dori vositasi inspeksion tekshiruvga tushgan bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tib bo‘lgan qolgan dori vositalarining inspeksion tekshiruvga o‘tkazilmayapti deb guvohnomasini bekor qilish holati bo‘lganmi, yo‘q?

Gulchehra Boltaboyeva: Yo‘q.

Sudlanuvchi Amirxon Azimov: Bo‘lmagan-a? Hech qaysi guvohnoma bekor qilinmagan?

Gulchehra Boltaboyeva: Yo‘q.

Sudlanuvchi Amirxon Azimov: Boshqa savolim yo‘q, rahmat.

Sudlanuvchi Nodirbek Musayev: Assalomu alaykum, Gulchehra opa. Savolim shundan iboratki, ko‘p yillik tajribaga egasiz, Farmakopeya qo‘mitasida ham ishlagansiz. “Dok-1 Maks”ning normativ hujjatini ko‘rgansiz, to‘g‘rimi? Sizningcha, normativ hujjati to‘g‘ri tasdiqlanganmi?

Gulchehra Boltaboyeva: Ha. Qanaqa ko‘rsatkichlar bo‘lishini men yuqorida aytib o‘tdim. Shu nuqtai nazardan normativ hujjatda keltirilgan qismlar mana shu dori vositasini baholash uchun hamma narsani qamrab oladi va talablar doirasida qilingan. Shuning uchun noto‘g‘ri deb aytolmayman. Propilenglikolni aniqlash usuli u yerda majburiy emas.

Sudlanuvchi Nodirbek Musayev: To‘g‘ri baholanib, tasdiqlangan deb ayta olasiz, to‘g‘rimi?

Gulchehra Boltaboyeva: Ayta olaman.

Sudlanuvchi Nodirbek Musayev: Hurmatli sudya, shuni inobatga olishingizni so‘rayman, chunki hukmda shu narsa berilgan.

Sudya: Tushunarli. Marhamat, jabrlanuvchilar, savollar bormi?

Jabrlanuvchi Turdigul Nigmatullayeva: Mana hozir eshityapmizki, talab bo‘lgandan keyin dorining tarkibdagi dietilenglikol va etilengikol aniqlanganda. Masalan, O‘zbeksitonga dori kirib kelyapti. O‘sha dorining tarkibini to‘liq, nima bor, nima yo‘q, nima mumkin emasligini tekshirib bo‘lgandan keyin sotishga berilmaydimi? Kimdir o‘lib yoki kimdir aziyat chekkandan keyin tekshirildi va undan keyin aniqlandi deyapti. Agar, deylik, bolalar zaharlanmaganda, o‘lmaganda baribir o‘sha etilenglikol kataverardida, to‘xtamasdi. Savolim — boshidan tekshirish o‘tkazilmaydimi? Hamma tarkibi kerakli-keraksiz narsalari aniqlab bo‘lgandan keyin sotishga ruxsat berilmaydimi?

Gulchehra Boltaboyeva: Dori vositasining sifatiga qo‘yilgan talablar bo‘ladi. Bu borada umumiy tamoyillar borda. Mana shu dori vositasi butun hayoti davomida ishlab chiqarilib, iste’molchi olib, u yo‘q bo‘lgunga qadar u yerda turli xil jarayonlar bo‘ladi, turli xil subyektlar qatnashadi. Bu yerda dori vositasini yaratishdan boshlab, to uning ishlatib bo‘lingunigacha bo‘lgan hamma ishtirokchilarning o‘z mas’uliyati, ularning o‘ziga qo‘yilgan vazifalar borda. Masalan, ishlab chiqaruvchining vazifasi, yetkazib beruvchining vazifasi, muvofiqlashtiruvchi organning vazifasi.

O‘sha dori vositalarining tahlili, sifatiga keladigan bo‘lsak, men yuqorida aytib o‘tdim, belgilangan tamoyillar bor, qanaqa tekshirish kerak, nimalarga ahamiyat berish kerak, nimani qilish kerak? Lekin hozir [jabrlanuvchimiz] aytmoqchilarki, nimaga bu yerda shakarning, suvning, propilenglikolning miqdorini tekshirib muomalaga chiqarilmagan deb aytmoqchilar. Endi aytgan tamoyillarimiz bor. O‘sha tamoyillar bo‘yicha barajariladigan ishlarning hammasi bajarilgan.

Lekin ichiga qo‘shiladigan mahsulotlarning har birini ishlab chiqaruvchining o‘zi tekshirib, ma’lum bir ruxsatnomalar bo‘lgandan keyingina uni texnologiyasida qo‘llaydi. Aytmoqchimanki, tayyor dori vositasini tekshirishda me’zonlardan chetga chiqilmaydi. Belgilangan me’zonlar bo‘yicha qilingan va bu me’zonlar butun dunyoda axborot berish darajasiga qarab belgilangan. Ungacha bo‘lgan tekshiruvlar jarayonning boshqa ishtirokchilari tomonidan qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar,

Jabrlanuvchi: Demoqchisizki, dorining asosiy tarkibiga ishlab chiqaruvchi javobgarda. Hozir ishlab chiqaruvchining yetkazib beruvchisi tan olmayapti, sizlar tekshiruvchi sifatida tan olmayapsizlar? Shunda kim aybdor bo‘ladi? Masalan, kimni aybdor deb hisoblaysiz? Shuncha bola ustida gap ketyapti, doridan emas degan fikrlar ham bo‘lyaptida. Vaholanki, dorining tarkibida zaharli modda aniqlangan. U qancha miqdordaligi, qancha kam-ko‘pligiga bog‘liq emas, asosiysi, o‘sha zaharli modda bo‘lgan vaqtida tekshirilmaganining hisobiga shunday bo‘lgan. Siz bu haqda nima deya olasiz?

Gulchehra Boltaboyeva: Endi qaysi dori vositasining ichiga qo‘shilsa ham birinchi navbatda ishlab chiqaruvchida xomashyolar bo‘yicha talablar bor, GMP talablari deydi, yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti [bor] O‘sha yerda yozib qo‘yilgan, mahsulotlarni tasdiqlangan yetkazib beruvchilardan olish kerak. Propilenglikolning dunyo bozorida narxi oshib ketdi degani, uni tasdiqlanmagan ishlab chiqaruvchidan, yangi yetkazib beruvchidan olish kerak degani emas.

Ishlab chiqaruvchi uni tekshirgan, audit qilgan, ko‘rgan, sifatiga baho bergan, tasdiqlangan yetkazib beruvchidan olishi kerak. Bundan tashqari ishlab chiqaruvchi dori vositasini olishda ishlatiladigan barcha xomashyolarning hammasini tekshirmasdan, ruxsatnoma olmasdan ishlab chiqarishga haqqi yo‘q.

Ishlab chiqarishdagi xomashyolar havoda yurgan zarrachalar bo‘ladimi, tozalik bo‘ladimi, ishlatiladigan suv bo‘ladi, havomi, asbob-uskunalarmi, hamma narsa tekshiriladi. Tekshirilmagan narsani umuman ishlatish kerak emas va duch kelgan yetkazib beruvchidan olish kerak emas. O‘zbekistonda ham shu tartib, Hindiston-u, Amerikada ham shu tartib.

Jabrlanuvchi: Agar shu tartib bo‘ladigan bo‘lsa, nimaga etilenglikol chiqyapti, bolalar zaharlanishi kuzatilgandan keyin, tepadan topshiriq berilgandan keyin tekshirilyaptida. Demakki, bu aniq yaxshi tekshirilmagan deb hisoblaymanda. Sizning gapingizdan kelib chiqqan holda shunaqa taxmin qilsa bo‘ladi, to‘g‘rimi?

Gulchehra Boltaboyeva: Gapingizga qo‘shilolmayman. Chunki tekshirish kerak bo‘lgan me’zonlar bo‘yicha tekshirilgan.

Guvoh Mamatqul Azizov ko‘rsatmasi

Sudya: Samarqand ulanganmi? Mamatqul aka Azizov. Marhamat, o‘zingizni tanishtiring.

Mamatqul Azizov: 1952-yil 2-iyul Samarqand viloyati, Samarqand tumanida tug‘ilganman. Millatim o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiman. Ma’lumotim oliy. Samarqand viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida bosh vrach bo‘lib ishlayman. Oilali, uch farzandim bor.

Guvoh qasam imzoga qo‘l qo‘yadi

Sudya: Birinchi instansiya sudida bergan ko‘rsatmalaringizni tasdiqlaysizmi?

Mamatqul Azizov: Tasdiqlayman.

Sudya: Himoyachilarning qo‘shimcha savollar bor ekan, shuning uchun yana sizni chaqirtirdik. Marhamat, himoyachilar.

Advokat Davron Ahmadov: Mamatqul aka, mutaxassisligingiz nima?

Mamatqul Azizov: Bolalar jarrohi hamda sog‘liqni saqlash tashkilotchisi.

Advokat Davron Ahmadov: Necha yildan beri rahbar sifatida ishlaysiz?

Mamatqul Azizov: 30 yildan beri.

Advokat Davron Ahmadov: 30 yildan beri o‘sha yerda bosh vrachmisiz?

Mamatqul Azizov: Ha.

Advokat Davron Ahmadov: Birinchi savolim, sizning muassasangizga qachondan boshlab bolalar murojaat qila boshladi?

Mamatqul Azizov: 2022-yilning kuz paytlari o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan kasallar ko‘paya boshladi. Boshqa viloyatdan ham, jumladan, Qashqadaryo, Surxonadaryo, Navoiy, Jizzax viloyatlaridan ham kasallar kela boshladi. Bu dastlab bizni bezovta qildi. Chunki avvallari buncha ko‘p miqdorda buyrak yetishmovchiligi bilan kasallar bo‘lmasdi.

Keyin bizdan yuqori turuvchi tashkilot bor, milliy markazga (Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi nazarda tutilayotgan bo‘lishi mumkin — tahr.) murojaat qildik, ular “Bizda ham shunaqa kasallar ko‘paygan”, dedi. Keyin biz qani nima bo‘lyapti, nimaga kichkina bolalarda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kuzatilyapti, buning sababi nima ekan degan savolga javob topish maqsadida xodimlarimizni milliy markazga yubordik.

Reanimatsiya, nefrologiya, gemodializga ishlaydigan do‘xtirlarimiz borib kelgandan keyin “Ularda bunaqa kasallar juda ko‘p. Ular hozircha bu kovid, koronavirus infeksiyasining oqibati bo‘lsa kerak deb davolayapti”, deyishdi. Keyin biz kasallardan kovidga analizlar ola boshladik. Tahlillarda bu taxmin o‘z tasdig‘ini topmadi.

Biz yana bezovta bo‘ldik. Dekabrning boshlarida, kasallar juda ko‘paygandan keyin retrospektiv tahlil o‘tkazdik. Bizning shifoxonada o‘lgan bolalarning yaqinlariga telefon qilib, ular qaysi dorilarni iste’mol qilgandan keyin bu holat holat bo‘lganini so‘radik. Barchasi turli xil dorilarni aytardiyu, faqatgina bitta dori “Dok-1 Maks”ni hammasi iste’mol qilgan bo‘lib chiqdi.

O‘zimizda yotgan 2−3 kasallarning ota-onasiga “Shu dorimi?”, deb ko‘rsatsak, “Ha shu dorini berganimizdan bir kun, uch kun o‘tib, keyin siydik to‘xtadi”, deyishdi. Siydik to‘xtagandan keyin joylardagi bolnitsalarga borishgan. U yerlarda siydikni chiqarish uchun harakatlar bo‘lgan. Bir kun bo‘lgan, ikki, uch kun bo‘lgan. Siydik bo‘lmagandan keyin bizning markazimizda boshqa qo‘shni viloyatlarda yo‘q, faqatgina [Toshkentdagi] Bolalar milliy tibbiyot markazida bolalar gemodializ markazi bor. Shu yerda biz ularni gemodializ qila boshladik.

Lekin kasallik kovidga o‘xshamadi, kovidning asoratlariga o‘xshamadi. O‘sha dorining hammasining nomini aytgandan keyin [2022-yil] dekabr oyining 15-sanasida hamma o‘lgan kasallarning muolajasini bir-biriga solishtirib, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga “Bizda shunaqa holat, shu dori bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, shu dorini to‘xtatishga harakat bo‘lishi kerak”, degan mazmunda xat chiqardik.

Yozganimizdan bir hafta o‘tib, vazirlikdan komissiya keldi, dorini tekshirdi, dorining tarkibida zaharli modda borligi aniqlandi, 2022-yil 27-dekabrda vazirning buyrug‘i asosida bu dori barcha dorixonalardan terib olindi. Terib olingandan keyin to shu bugungacha o‘tkir buyrak yetishmovchiligi birorta bolada kuzatilgani yo‘q. U nafaqat bizda, balki respublikaning qayerida bolalar gemodializi bo‘limi bo‘lsa, o‘sha joylarda kasallik uchramayapti.

Advokat Davron Ahmadov: Keyingi savolim, o‘sha davrda nechta bola murojaat qilgan?

Mamatqul Azizov: 24 ta bola murojaat qilgan

Advokat Davron Ahmadov: Atigi 24 ta bola[mi?]

Mamatqul Azizov: Ha, o‘sha 2022-yilning kuz paytida 24 ta bola o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan murojaat qilgan.

Advokat Davron Ahmadov: Nechtasi o‘ldi?

Mamatqul Azizov: 18 ta. Keyin yana bitta bilan 19 ta. 4 ta keyingi tushganlari bilan 4 ta tirik qolgani bor.

Advokat Davron Ahmadov: Siz ularga qanaqa muolaja qildingiz? Nima bilan davoladingiz?

Mamatqul Azizov: Mutaxassislarimiz bor. Ular har tomonlama o‘rgangan va hammasida gemodializ protsedurasi o‘tkazilgan. Ikki martadan bo‘lsa, bir necha martgacha gemodializ o‘tkazilgan. Gemodializ — bu qonni shlaklardan tozalash uchun o‘tkazilgan davo chorasi. Mutaxassislarimiz milliy markaz xodimlari bilan telemeditsina qilib, telefon orqali muolaja qilib davo choralari olib borishdi.

Advokat Davron Ahmadov: Keyingi savolim, siz kovidga test qildik, deb aytdingiz. Ular necha yoshli bolalar edi?

Mamatqul Azizov: Har xil yoshlarda edi. Biz 12−13 ta bolani tekshirgan bo‘lsak, birortasida kovid chiqmadi.

Advokat Davron Ahmadov: Yoshini so‘rayapman sizdan.

Mamatqul Azizov: Yoshi har xil, bir yosh, ikki yosh. Endi ko‘proq bu kasallik mayda bolalarda uchradiku.

Advokat Davron Ahmadov: Bir yoshli bolada kovid testi o‘tkaziladimi?

Mamatqul Azizov: Kovid testi hamma yoshda o‘tkazilishi mumkin. Turli usullari bor. Surtmalar olib tekshiradi.

Advokat Davron Ahmadov: Xo‘p, kovidga tekshirganingiz haqidagi ma’lumotlar jinoyat ishi materiallarida nega yo‘q?

Mamatqul Azizov: O‘sha bolalarning kasallik tarixida tekshirilgani haqida ma’lumotlar bor.

Advokat Davron Ahmadov: Endi qarang, siz kovid bilan og‘rimagan deyapsiz, sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bu bolalar koviddan og‘riganligi aytilgan. Bunga nima deysiz?

Mamatqul Azizov: Sud tibbiyoti bizda ikkita holatda o‘tkazilgan. U yerda kovid bor-yo‘qligi to‘g‘risida bizga ma’lumot berilgan. Biz o‘zimizda tekshirganmiz. 12 tami 13 ta bolalarda kovid chiqmaganligi aniqlangan.

Advokat Davron Ahmadov: Keyingi savolim, bolalarning kasallik analizini ko‘rsangiz, “Dok-1 Maks” bilan birga boshqa dori vositalarini ham ichgan. Nega boshqa dorilarni tekshirib ko‘rmagansiz?

Mamatqul Azizov: Qarang, boshqa dori vositalarining hammasini bir xilda ichishmagan. Bittasi “Dok-1 Maks” bilan paratsetomol ichgan, ikkinchisi, “Dok-1 Maks” bilan antibiotik ichgan. Uchinchisi, “Dok-1 Maks” bilan birga yana boshqa sirop ichgan. Hamma bolalar bir xil dori vositasi, “Dok-1 Maks”ni iste’mol qilgani aniqlangandan keyin biz shu siropdan degan xulosaga keldik.

Advokat Davron Ahmadov: Paratsetomol boshqa dori vositalarining ham tarkibida borku, antibiotikdan zaharlanish bor. O‘zingiz juda yaxshi bilasiz bu narsani, O‘zbekistonda juda ko‘p holatlarda antibiotikdan zaharlanishadi.

Mamatqul Azizov: Buni biz tekshirganimiz yo‘q, buni vazirlikdan kelgan maxsus komissiya o‘rganib, mana shunday xulosaga kelgan.

Advokat Davron Ahmadov: Siz va sizning qo‘l ostingizdagi vrachlar ilgari bemorlarga “Dok-1 Maks” tavsiya qilganmi?

Mamatqul Azizov: Yo‘q, birorta bemorga tavsiya qilganimiz, bu doridan sotib olganimiz ham yo‘q. Bu dori aptekachilardan, joylardagi do‘xtirlar tomonidan berilgan. Kimdan qachon berilganligi to‘g‘risida ma’lumot bizda yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: Keyingi savolim, qarang, biz o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan davoladik, gemodializ qildik dedingiz. Agar bilgan bo‘lsangiz, bu dori vositasidan yoki boshqa narsadan zaharlanish ekanligini, nega [bolalarning] qonidan, siydigidan analiz olib aniqlashga harakat qilmadingiz?

Mamatqul Azizov: [Biz boshida doridan deb o‘ylamadik]. Aytyapmanku Milliy markazga bordik, adabiyotlardan qidirdik, qayerdan bo‘lyapti bu kasallik degan ma’noda. Keyinchalik hammasi mana shu doridan iste’mol qilgan degan gapga iqror bo‘lganimizdan keyin shu xatni chiqarganmiz.

Advokat Davron Ahmadov: Yo‘q, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kechyapti, siz uning o‘tkir buyrak yetishmovchiligi ekanligini bildingiz. O‘zgarish bor-yo‘qligini bilish uchun siydigi, qon tarkibini olib ko‘rdingizmi?

Mamatqul Azizov: Albatta, siydigi bo‘lgan, qondagi barcha komponentlar o‘rganilgan.

Advokat Davron Ahmadov: O‘sha yerda etilenglikolga aloqador aksalat tuzlar [chiqqanmi?].

Mamatqul Azizov: Yo‘q, u yerda etilenglikolga aloqador ishlarni aniqlash qiyin

Advokat Davron Ahmadov: Siydigidan, qonidan aksalat tuzlari aniqlandimi?

Mamatqul Azizov: Ba’zilarida aksalat tuzlari ham bor, bolalarda aksalat tuzlari ham bo‘ladi. Bizga kelgan bolalarning barchasi siydigi yo‘q bo‘lib kelgan. Siydigi umuman bo‘lmagan.

Advokat Davron Ahmadov: Organizmda aksalat tuzlari nimaning metobalizmi natijasida paydo bo‘ladi, bilasizmi?

Mamatqul Azizov: Uni sizga mendan ko‘ra nefrolog mutaxassislar ko‘proq aytishi mumkin.

Advokat Davron Ahmadov: Aksalat tuzalarini aniqladingizmi?

Mamatqul Azizov: Bolalarning yuz foizi siydik chiqmasdan kelgan. Siydigi bo‘lmagan. Analizga oladigan material ham bo‘lmagan. Qachonki, keyinchalik ba’zilaridan 1−3 ml siydik chiqqan bo‘lsa, siydiklar tekshirilgan. Tekshirish natijalari kasallik tarixida bor.

Advokat Davron Ahmadov: Kasallik tarixida aksalat tuzlari haqida gap yo‘qda.

Mamatqul Azizov: Endi analizda bo‘lgan bo‘lsa, aksalat tuzlari topilgan bo‘lsa, bordir.

Advokat Davron Ahmadov: Qisqasi, siz bilmaysiz, shundaymi?

Mamatqul Azizov: Men bilmayman deyolmayman.

Advokat Davron Ahmadov: Bo‘ldi, tushunarli, bilmasangiz, bilmayman deng. Keyingi savol bolalar o‘limi holati qayd etilgandan keyin ular yorib ko‘rildimi?

Mamatqul Azizov: Ikkita holatda autopsiya o‘tkazildi. Qolgan holatlarda uch tomonlama ko‘rsatma xat, viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan imzolangan va barcha davolash profilaktika muassasalariga tarqatilgan hujjat bor. O‘sha hujjat asosida bola nobud bo‘lgandan keyin Ichki ishlar xodimi chaqirtiriladi, ichki ishlar xodimi o‘rganadi, ota-onasining roziligini olgandan keyin autopsiyaga beriladi. Hamma holatlarda Ichki ishlar xodimi chaqirtirilgan va ichki ishlar xodimining dalolatnomasi bilan javob berilgan.

Advokat Davron Ahmadov: Qanaqa Ichki ishlar? Siz mansab yo‘riqnomangizni bilasizmi? 30 yildan beri rahbar ekansiz, mansab yo‘riqnomaningizni bilasizmi?

Mamatqul Azizov: Ha, albatta, bilaman.

Advokat Davron Ahmadov: Xo‘p, Vazirlar Mahkamasining qarori, Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bor. Davlat muassasalarida bolalar o‘lganda rahbar qanaqa harakat qilishi kerak? Sizga Prokuratura rahbar emas, sizga rahbarlik topshirig‘ini beradigan tashkilot — Sog‘liqni saqlash vazirligi. Vazirning buyrug‘i turibdi, Vazirlar Mahkamasining qarori turibdi, siz majburiy ravishda autopsiya qilishingiz, yorib ko‘rishingiz kerak. Sizga prokuratura, Ichki ishlar rahbar emasku.

Mamatqul Azizov: O‘sha buyruqlarning barchasida autopsiya o‘tkazish uchun ota-onasining ruxsati bo‘lishi kerak deb yozilgan.

Advokat Davron Ahmadov: O‘sha buyruqda yozilmagan. Vazirlar Mahkamasining qarorida ham, Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘ida ham yozilmagan. Nima deyapsiz siz?

Mamatqul Azizov: O‘sha narsa yozilgan. Bundan tashqari Samarqand viloyatida uch tomonlama ko‘rsatma xat bor.

Advokat Davron Ahmadov: Siz buyruqni ko‘rsating, qaysi buyruqda yozilgan ekan, ota-onasining ruxsatini oladi deb. Hech qayerda yo‘q. Sudga yolg‘on guvohlik bermang sudga.

Mamatqul Azizov: Ko‘rsatma xat viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan [7] yil oldin chiqarilgan.

Advokat Davron Ahmadov: Nima deb o‘ylaysiz, balki siz vaqtida tekshirmaganingiz uchun shu jinoyat ishining muhim bo‘lgan holati aniqlanmay qolgandir?

Mamatqul Azizov: Biz ikkita holatni tekshirgan bo‘lsak, u yerda etilenglikoldan bo‘ldi degan xulosa qilish qiyin. U yerda buyrak zararlangan. Lekin u organizmda autopsiya paytida etilenglikol topish imkoni yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: Nega?

Mamatqul Azizov: Gemodializ qilgandan keyin zaharli modda gemodializ natijasida organizmdan yuvilib ketadi, organizmda uning izi ham qolmaydi.

Advokat Davron Ahmadov: Shu uchun topilmagan, to‘g‘rimi?

Mamatqul Azizov: Ha. Gemodializ butun tortishish muddatlarini organizmda olib chiqadi. Gemodializdan keyin organizmdan zaharli moddani topishning iloji bo‘lmaydi.

Advokat Davron Ahmadov: Keyingi savolim, bolalar murojaat qilgan paytda bolalarda qanday alomatlar, patologiya bo‘lganini o‘rganib ko‘rganmisiz?

Mamatqul Azizov: Hurmatli advokat, buyrak yetishmovchiligi haqida gap ketyaptimi?

Advokat Davron Ahmadov: Yo‘q, qusganmi, ko‘ngli ayniganmi, shunaqa narsalar bo‘lganmi?

Mamatqul Azizov: Hushidan ketgan holatlar ham bor, nafasi tezlashgan holatlar ham bor, jigarida o‘zgarish bo‘lgan holatlar ham bor. Lekin asosiy belgi — o‘tkir buyrak yetishmovchiligi.

Advokat Davron Ahmadov: Keyingi savolim, qarang, siz 2022-yilda qabul qilingan Sog‘liqni saqlash vazirligining protokolini bilasizmi, o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bo‘yicha kovid kechganligini. O‘shanda kovid o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan kecharkan.

Mamatqul Azizov: Xabarimiz bor, kovidda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi juda kam holatlarda uchraydi. Kovid bo‘yicha bizning shifoxonamiz ham ishlagan. O‘shanda [ketma-ket] o‘tkir buyrak yetishmovchiligini kuzatganimiz ham yo‘q.

Advokat Davron Ahmadov: O‘sha protokolni ko‘rganmisiz?

Mamatqul Azizov: Ha, kovidni davolash bo‘yicha chiqqan hamma protokollardan xabarim bor.

Advokat Davron Ahmadov: Boshqa savolim yo‘q.

Jabrlanuvchi: Qo‘shimcham bor edi.

Sudya: Marhamat, nimani aytmoqchisiz?

Jabrlanuvchi: Mana doktor aytyaptiku kuz oylarida boshlangan, kasallar soni ko‘paygan, deyapti. Hozir o‘tirib esimga kelyapti, qizim 15-dekabr kuni Nukus shahar tez yordam shifoxonasiga tushgan bo‘lsa, 16-sanada davolatgani Toshkent shahriga uchganman. O‘sha paytda reanimatolog vrach aytgan gapi esimga tushdida.

Shifokorning “Avgust oyi oxiri, sentabr oyi boshlarida shunaqa kasallanish boshlangan. Bolalarda ko‘p kuzatilyapti, omon qolmayapti, ketib qolyapti, agar vaziyating bo‘lsa, olib keta olsang, Toshkentga davolatishga bemalol olib ketishing mumkin”, degan gapi hozir mana bu doktorning gapi bilan to‘g‘ri kelyapti demoqchimanda. Kuzda boshlangan, sentabrda boshlanib, ko‘payib, ko‘payib noyabrda sal kamaygandi dekabrda yana ko‘payyapti degan. Demoqchimanki, hamma joyda bir xil paytda bir xil simptomlar bilan tushgan, to‘g‘ri gapiryaptida vrach. Bizdagi vrachlar ham o‘sha gapni aytgan edi.

Sudya: Boshqa savollar yo‘qmi?

Zaldan: Yo‘q

Sudya: Mamatqul aka, sog‘ bo‘ling.

Mezenseva Yelena bo‘yicha xat berishgandi, 25-maydan — 7-iyungacha malaka oshirishda ekan, keyingi protsessda yuboramiz deyishdi. Keyingi sud majlisi juma kuni, 14-iyunda bo‘ladi. Ungacha Mezenstva ham keladi, keyingi iltimosnomalarini ham ko‘ramiz. Ungacha Kariyevning turmusn o‘rtoqlari, agar zararni to‘layman desanglar, kelinglar, depozitni olinglar, men bo‘lishim ham shart emas, mana mana shu yerda depozit shotlari bor. Chunki oxiriga kelganda yo‘q, buncha to‘lamoqchi edik, bunaqa desa, yana vaqt cho‘zilib ketadi. Hozir jabrlanuvchilarni eshityapsizlar. Tushunarli bo‘ldimi? Agar imkoni bo‘lsa, keyingi sud majlisiga [Kariyevning] onalari ham kelsinlar. Chunki ular ariza ular yozganlarda. Aynan shu holat bo‘yicha bir nechta ariza berdilar. Ularning fikrlarini ham eshitamiz.

“Gazeta.uz” tez orada 14-iyundagi sud majlisi stenogrammasini ham e’lon qiladi.