Elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaruvchi “O‘zenergosotish” tashkilotiga Jahongir Obidjonovich Obidjonov boshqaruv raisi etib tayinlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Jahongir Obidjonov 1976-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1998-yil Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti hamda 2006-yil prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tugatgan.

U 2004−2007-yillarda Markaziy bankda turli lavozimlarda, 2007−2017-yillar “O‘zbekiston sanoat-qurilish banki” OATB boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, 2017−2019-yillar “O‘zbekenergo” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari, keyinchalik boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi, 2020−2022-yillar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

U 2024-yilda Angliyaning Anglia Rusking University universitetida “Biznes boshqaruvi magistri” (MBA) magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomladi.

Shuningdek, Shohruh Esanaliyevich Karabayev “O‘zenergosotish” rahbarining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. U bunga qadar Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

жаҳонгир обиджонов, o‘zэнергоsotish, шоҳруҳ карабаев

“O‘zenergosotish” tashkiloti 2023-yil prezidenti farmoniga asosan tashkil etilgan bo‘lib, uning vazifasi elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajarishdan iborat. U o‘z ishini 1-iyuldan boshlaydi. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” esa elektr energiyasini yetkazib berish va tranzit qilishga javobgar bo‘ladi.

Shu bilan birga, prezidentning bozor islohotlarini jadallashtirish va milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti kelishuvlariga muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan “O‘zenergosotish” aksiyadorlik jamiyati elektr energiyasini markazlashgan eksport va import qilish huquqidan mahrum bo‘ladi. 2025-yil 1-yanvardan elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi joriy etiladi.