Tarmoqlarda xususiy bog‘cha tarbiyalanuvchilarining 10 nafarga yaqini YTHga uchragani aytilgan video tarqaldi. Qoraqalpog‘iston IIV va Beruniy tumani hokimligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 19-iyun kuni soat 09:55 da tumanning Shabboz OFYda yashovchi S.G. (1991-yil tug‘ilgan) o‘z boshqaruvidagi Nexia 3 mashinasida ketayotganda Quruvchilar ko‘chasida yo‘l-transport hodisasiga uchragan.

Voqea tufayli 2 nafar voyaga yetmagan bola jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat etgan va tibbiy yordam ko‘rsatilgan, deyiladi xabarda.

Respublika IIVga ko‘ra, yo‘l chetida turgan Gentra avtomashinasi Nexia oldiga chiqib yuborishi oqibatida mazkur hodisa sodir bo‘lgan.

Jarohat olganlardan biri 6 yoshda, ikkinchisi 3 yoshda. Ularning sog‘lig‘i joyida, deb qo‘shimcha qilgan vazirlik hodisa yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlanganini bildirdi.

Qoraqalpog‘iston prokuraturasining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishi doirasida yo‘l harakati qoidalariga rioya etmasdan, Nexia avtomashinasida belgilanganidan ortiq yo‘lovchi tashigan S.G.ning hamda Gentra haydovchisi U.Q.ning harakatlariga qonuniy baho berilishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.