UzAuto Motors 21-iyun kuni soat 10:00 dan boshlab Chevrolet Cobalt avtomobilining 2024-yilgi ishlab chiqarish hajmi uchun onlayn kontraktatsiyani ochadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kontraktatsiya 25 ming dona Cobalt uchun ochilishi rejalashtirilgan. Avtomobillarni xarid qilishda shartnoma tuzish faqat savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, Telegram bot hamda UzAvtosavdo ilovasi navbatni kuzatish xizmatini hamda mavjud avtomobillar haqida ma’lumotni taqdim etadi.

Kompaniya avtomobil xaridi uchun tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov 7 kalendar kun ichida amalga oshirilishi lozimligini eslatib o‘tdi. To‘lov vaqtida bo‘lmasa, mazkur shartnomalar avtomatik ravishda bekor qilinib, kontraktatsiyaga qayta qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta UzAuto Motors 8-may kuni soat 10:00 da avvalgi shartnomalardan chiqarilgan Gentra, Damas va Labo uchun kontraktatsiyani ochgandi.