Siyosat
Davlat mulkini ijaraga berish tartibini buzganlar jarimaga tortiladi
Endi davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha qonunchilikni buzganlik uchun jarima belgilandi. Ijaraga berish shartnomasini buzgan mansabdor shaxslar 3,4 mln so‘mgacha jarima to‘laydi. Holat bir yil ichida yana takrorlansa, jarima summasi 5,1 mln so‘mgacha oshadi.
Senat yalpi majlisi 21-iyunda bo‘lib o‘tadi
Senatning navbatdagi yalpi majlisida kiberxavfsizlik va intellektual mulkni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqiladi. Senatorlar Jinoyat kodeksi va MJTKga narkotiklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashishga qaratilgan qo‘shimchalarni ham muhokama qiladi.
Iqtisodiyot
Ayni vaqtda O‘zbekistonda notkoin bilan qonuniy savdo qilish imkonsiz — ILMA
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekistonda ayni vaqtda notkoin kriptoaktivi bilan qonuniy tarzda savdo qilish imkoniyati yo‘qligini ma’lum qildi. Agentlik litsenziyaga ega xizmat provayderlariga o‘z savdo savatlariga yangi chiqqan, ommalashayotgan kriptoaktivlarni ham qo‘shish bo‘yicha taklif bergan.
Jamiyat
UzAuto Motors 21-iyun kuni Cobalt uchun kontraktatsiyani ochadi
UzAuto Motors 21-iyun kuni soat 10:00 da 25 ming dona Cobalt uchun kontraktatsiyani ochadi. Kompaniya shartnomalar bo‘yicha to‘lov 7 kalendar kunida amalga oshirilishi lozimligini eslatib o‘tdi.
Toshkentda yuzini aniqlab bo‘lmas darajada yopib yurgan yigit ushlandi
Toshkentdagi “Chorsu” bozori oldida qora ro‘mol kiygan, shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib yurgan 22 yoshli yigit ushlandi. Unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik rasmiylashtirildi.
O‘zbekistonning sakkizta viloyatida sel kelishi xavfi e’lon qilindi
O‘zbekistonning 8 ta viloyatidagi tog‘li joylarda 20−24-iyun kunlari sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, yomg‘ir suvlari to‘planishi oqibatida hududlarni suv bosishi ehtimoli bor.
Mirzo Ulug‘bek tumanining bir qismi elektr ta’minotidan vaqtincha uziladi
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi sakkizta mahalla payshanba kuni soat 9:00 dan 17:00 gacha elektr ta’minotisiz qoladi.
Toshkent viloyati tog‘larida adashib qolgan 4 nafar fuqaro qutqarildi
Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari Bo‘stonliq tumanidagi tog‘larda adashib qolgan to‘rt nafar fuqaroni pastga tushirishga yordam berdi.
Toshkent viloyatida chegaradan salkam 2 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlarini olib o‘tmoqchi bo‘lganlar ushlandi
Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan chegarada umumiy qiymati salkam 2 mlrd so‘mlik 1696 gramm zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib o‘tmoqchi bo‘lgan ikki shaxs ushlandi.
Toshkentda 20 yoshli yigit Bo‘rijar kanalida cho‘kib vafot etdi
Jahon tillari universitetining 20 yoshli talabasi Bo‘rijar kanalida cho‘kib vafot etdi. U kursdoshlari bilan cho‘milmoqchi bo‘lgan, biroq suv oqimi tezligi hamda sovuq bo‘lgani oqibatida oqib ketgan.
Chirchiq daryosida hushsiz holda oqib ketayotgan erkak qutqarildi
FVV xodimlari poytaxtning Yangihayot tumanidan o‘tgan Chirchiq daryosida hushsiz holda oqib ketayotgan erkakni qutqardi. U baliq oviga borgach, suvga tushib ketgan oyoq kiyimini olmoqchi bo‘lgan va muvozanatni yo‘qotib, o‘zi ham oqib ketgan.
Yaponiya Qashqadaryodagi tibbiyot tashkilotlariga 195 ming dollarlik jihozlarni topshirdi
Yaponiya hukumati dasturi doirasida Qashqadaryo viloyatidagi tibbiyot tashkilotlariga 195 ming dollarlik tibbiyot jihozlari topshirildi. Ko‘z jarrohligi uchun fakoemulsifikator, ultratovush diagnostik uskunasi, videoendoskop, jarrohlik aspiratori shular jumlasidan.
Sayxunobod tumani hokimi o‘rinbosari 25 ming dollar pora olishda gumonlanmoqda
Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlarini aniqladi. Xususan, bir holatda Sayxunobod tumani hokimi o‘rinbosari tadbirkordan 25 ming dollar pora olishda gumonlanib ushlandi.
O‘zbekiston XMTning oilalarning ishlayotgan a’zolari uchun teng imkoniyatlar to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining oilaviy majburiyatlarga ega ishchilar — erkaklar va ayollar — uchun teng imkoniyatlar to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi.
Prezident Toshkentdagi Inno texnoparki faoliyati bilan tanishdi
Prezidentga 10 ta OTM huzurida oliy muhandislik maktablari ochish rejalari taqdim etildi. Ularda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi — birinchi kursda talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtirsa, ikkinchi kursda ularni korxonalarda sinovdan o‘tkazadi.
Sport
O‘zbekiston terma jamoasi FIFA reytingida 62-o‘ringa chiqdi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA reytingida 2 pog‘ona yuqorilab, 62-o‘rinni egalladi. Osiyoda esa hamon 8-o‘rinda.
O‘zbekiston taekvondo terma jamoasi Olimpiadada ilk bor 5 sportchi bilan qatnashadi
O‘zbekistonlik taekvondochilar Parijdagi Olimpiada o‘yinlarida 5 kishi bo‘lib qatnashadi — Nikita Rafalovich so‘nggi yo‘llanmaga ega chiqdi. Bu XOQning neytral maqomdagi rossiyalik sportchilar ro‘yxatida taekvondochilar qayd etilmagani bilan bog‘liq. Shu vaqtgacha O‘zbekistonda 4 dan ortiq yo‘llanma bo‘lmagan.
Jahon
AQShdagi yuz minglab hujjatsiz immigrantlar mamlakat fuqaroligiga qabul qilinishi kutilmoqda
AQSh fuqarolari bilan oila qurgan hamda mamlakatda kamida 10 yil yashagan noqonuniy immigrantlar mamlakat fuqaroligini olish uchun ariza topshirishi mumkin. Yangi dastur 500 mingdan ortiq kishini qamrab olishi kutilmoqda.
Nvidia dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi
Nvidia Microsoft va Apple`ni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi. Uning bozor qiymati rekord daraja — 3,335 trln dollargacha ko‘tarildi. Nvidia qiymatining tez o‘sishi investorlarning sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlanishi bo‘yicha optimizmi bilan bog‘liqligi aytilmoqda.
Saudiya Arabistonida Haj ziyorati chog‘ida halok bo‘lganlar soni 1000 nafardan oshdi — France-Presse
Saudiya Arabistonida haj vaqti jazirama issiqda halok bo‘lganlar soni 1000 nafardan oshdi, ularning yarmidan ko‘pi ro‘yxatdan o‘tmagan ziyoratchilardir, deya xabar bermoqda France-Presse (AFP) agentligi.
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi 14-sanksiya paketi bo‘yicha kelishib oldi
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 14-sanksiya paketi yuzasidan kelishib oldi. Yangi cheklovlar Rossiya energetika sektoriga ta’sir qiladi hamda uchinchi mamlakatlar, jumladan, Xitoy, Turkiya va Hindistondagi o‘nlab kompaniyalar bilan savdoni cheklaydi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!