19-iyun kuni Toshkent shahridagi Jahon tillari universitetining 20 yoshli talabasi Yakkasaroy tumanidan oqib o‘tgan Bo‘rijar kanalida cho‘kib vafot etdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, surxondaryolik yigit soat 12:10 atrofida kanalning Yunus Rajabiy ko‘chasi bo‘ylab oqib o‘tuvchi qismida ikki nafar kursdoshi bilan cho‘milmoqchi bo‘lgan. Biroq yigit suvga tushganida suv oqimi tezligi hamda sovuq bo‘lgani oqibatida suzib chiqolmasdan cho‘kib, oqib ketgan.

Poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchi g‘avvoslar guruhi uning jasadini soat 15:00 atrofida Chilonzor tumanidagi “Toshkent Gidroelektrstansiyalari”, “Burjar” 4-GES hududidan topgan.

Hozirda holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Aprel oyida mazkur kanalda uch kishi, jumladan, 5 yoshli bola va uning onasi cho‘kib ketgandi. Uchovi ham xorij fuqarolari bo‘lgan.