19-iyun kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanida jamoat joyida yuzini tanib bo‘lmas darajada yopib yurgan yigit ushlandi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi manbasi.

Qayd etilishicha, “Chorsu” bozori oldida qora ro‘mol kiygan, ayol ko‘rinishidagi shaxs o‘z harakati orqali shubha uyg‘otgani uchun tuman IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. So‘ng shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limiga olib borilgan.

Tekshiruv vaqtida ushbu shaxs 2002-yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida yashovchi B.P. (erkak) ekani aniqlangan.

маъмурий ҳуқуқбузарлик

“U IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirilganda qonuniy talabga bo‘ysunmay, faol qarshilik ko‘rsatgan. Surishtiruv davomida fuqaro vaqti-vaqti bilan burqa-hijob o‘rab yurishi aniqlandi”, deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan yigitga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194- (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik), 195- (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) hamda 184−4-moddalari (Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish)ga asosan xujjatlar rasmiylashtirildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 31-oktabr kuni Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi bo‘yicha qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 400 ming so‘mdan 5 mln 100 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.