Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, “Bekobod-avto” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan ikki nafar fuqaro bojxona xodimlari tomonidan belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganida fuqarolarning bel qismiga matoga o‘rab yashirilgan umumiy qiymati salkam 2 mlrd so‘mlik 1696 gramm zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.