Saudiya Arabistonida haj ziyorati chog‘ida kuchli jaziramada halok bo‘lgan ziyoratchilar soni 1000 dan oshdi, deya mamlakat va diplomatlarning rasmiy bayonotlariga tayanib France-Presse (AFP) agentligi xabar bermoqda. Bir kun oldin agentlik o‘limlar soni 550 nafardan ortgani haqida xabar bergandi.

Vafot etganlarning yarmidan ko‘pi ro‘yxatdan o‘tmagan sayyohlardir, deyiladi xabarda. Agentlik xabariga ko‘ra, ular Haj yo‘nalishi bo‘ylab konditsionerli obyektlarga kira olmagani sabab jaziramadan himoyalana olmagan.

зиёрат, саудия арабистони

Agentlik xabariga ko‘ra, kamida 10 davlat, jumladan, Misr, Malayziya, Pokiston, Hindiston, Iordaniya, Indoneziya, Eron va boshqalar ziyoratchilarning o‘limi haqida xabar bergan.

Halok bo‘lganlarning aksariyati Misr fuqarolari bo‘lgan: Misr diplomatining agentlikka ma’lum qilishicha, ular 658 kishi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘limga jazirama issiq sabab bo‘lgan.

Saudiya Arabistoni rasmiylari qurbonlar soni haqida hozircha ma’lumot bermadi, biroq 16-iyun kuni ular 2700 nafardan ortiq ziyoratchilar jazirama tufayli tibbiy yordamga murojaat qilgani haqida xabar e’lon qildi.

  • Saudiya Arabistonining Haj va Umra vazirligi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Makkaga 1,8 million nafardan ortiq musulmonlar haj ziyoratiga borgan bo‘lsa, ulardan 1,6 million nafari xorijiy davlatlardan kelgan ziyoratchilardir. Bu yilgi Haj ziyorati 14−19-iyun kunlari bo‘lib o‘tdi.