Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Inno innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida bo‘ldi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ushbu texnopark uch yil oldin qurilgan. Bu yerda sanoat sohalarini rivojlantirish uchun innovatsion g‘oya va ixtirolar ishlab chiqiladi. Yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish maqsadida oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Har yili 15 ming nafarga yaqin talaba va o‘quvchilar ishtirokida seminar, amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi.

inno texnoparki, oliy muhandislik maktablari

Prezidentga Toshkent davlat texnika universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti, Toshkent davlat transport universiteti, Farg‘ona politexnika instituti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzurida tashkil etilayotgan oliy muhandislik maktablari taqdimoti o‘tkazildi.

Birinchi bosqichda 10 ta oliy ta’lim muassasasida oliy muhandislik maktablari ochilishi kutilmoqda. Maktablar kuzatuv kengashi tarkibiga nafaqat olimlar, balki hamkor korxonalar vakillari ham kiritiladi.

inno texnoparki, oliy muhandislik maktablari

Ushbu maktablarda ikki yillik amaliy magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yilib, ishlab chiqaruvchilar buyurtmasi asosida nomzodlar saralab olinadi. Birinchi yil talabalar korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtiradi, ilmiy izlanishlar o‘tkazadi, bu borada chuqurlashgan modul dasturlar asosida o‘qitiladi. Ikkinchi yil yangi mahsulotlar bo‘yicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bog‘liq texnologik jarayonlarni korxonalarda sinovdan o‘tkazadi.

Prezident oliy ta’lim muassasalaridagi ilmiy izlanishlarning hayotiyligi va samaradorligiga e’tibor qaratdi. U “ta'lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor ilm-fan yutuqlarida o‘z ifodasini topishi kerak"ligini ta’kidladi, deyiladi xabarda.

Davlat rahbari olimlarning ixtirolari, ilg‘or ishlanmalar bilan ham tanishdi. Jumladan, energiya tejamkor uskunalar, yuklama ortishi sabab transformatorlar portlashidan himoyalovchi sovutish tizimi, neft-gaz sohasida muhim bo‘lgan kimyoviy reagentlar, bunyodkorlik, yo‘lsozlikdagi zamonaviy yondashuvlar, suv inshootlari uchun muhandislik loyihalari, axborot texnologiyalariga oid zamonaviy ixtirolar haqida ma’lumot berildi.