20-iyun kuni Qashqadaryo viloyatidagi tibbiyot tashkilotlariga qiymati taxminan 195 ming dollarga teng bo‘lgan tibbiyot jihozlari topshirildi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Bu Yaponiya hukumatining “Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam” dasturi doirasida amalga oshirildi.

Tibbiyot tashkilotlari va tibbiy jihozlar:

  • Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali (jarrohlik mikroskopi va ko‘z jarrohligi uchun mo‘ljallangan fakoemulsifikator);
  • Respublika ixtisoslashgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali (ultratovush diagnostik uskunasi, videoendoskop, jarrohlik aspiratori).

“Bu galgi Yaponiyaning hamkorligi orqali yanada xavfsiz va mos diagnostika hamda davolashni amalga oshirish imkoniyati yaratildi. Yaponiya barcha insonlar o‘z qadr-qimmatini his qilgan holda yashay oladigan jamiyat qurishni targ‘ib qiluvchi „Insonlar xavfsizligini ta’minlash“ tamoyiliga alohida ahamiyat qaratadi”, — deyiladi diplomatik missiya xabarida.

Avvalroq Yaponiya hukumati Buxoroning Romitan va Peshku tumanlari tibbiyot birlashmalariga umumiy qiymati taxminan 182 ming dollarlik tibbiyot jihozlarini topshirgani haqida yozgandik. Shifoxonalarga rentgen diagnostika uskunasi va operatsiya uchun mo‘ljallangan uskunalar yetkazib berildi.