Prezident Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli konvensiyasini ratifikatsiya qiluvchi qonunni imzoladi.

Ushbu konvensiyaning maqsadi haq to‘lanadigan mehnatda ishlaydigan ayollar va erkaklar uchun teng munosabat va imkoniyatlarni, shuningdek, oilaviy majburiyatlarga ega bo‘lgan shaxslarga o‘z huquqlaridan diskriminatsiyasiz va kasbiy va oilaviy majburiyatlarni imkon qadar uyg‘unlashtirgan holda foydalanishni ta’minlashdan iborat.

Avvalroq Oliy Majlis Senati ratifikatsiya to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqib, mazkur konvensiyaning barcha talablari mamlakat milliy qonunchiligiga to‘liq tatbiq etilganini ta’kidlagan edi.

Hozirda konvensiya Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo 187 davlatdan 45 tasi tomonidan ratifikatsiya qilingan. Ular orasida Norvegiya, Shvetsiya, Ispaniya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ozarbayjon va Qozog‘iston bor.