AQSh prezidenti Jo Bayden 18-iyun kuni AQShda zarur hujjatlarsiz yashovchi migrantlarga qonuniy maqom berish dasturini e’lon qildi, deb xabar bermoqda Oq uy sayti.

Ushbu chora, 17-iyun holatiga ko‘ra, AQShda kamida 10 yil yashagan va Amerika fuqarolari bilan qonuniy nikohda bo‘lgan muhojirlarga taalluqlidir. Ushbu shartlarga javob beradigan shaxslar doimiy yashash uchun ariza berishi mumkin, bunda ularning ixtiyorida uch yil vaqt bor. Bu muddat davomida ularga oilalari bilan AQShda qolish va ishlashga ruxsat beriladi.

Oq uyning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtacha hisobda dasturdan foydalanish huquqiga ega bo‘lganlar AQShda kamida 23 yil yashagan. Ularning aksariyati Meksikada tug‘ilgan.

“Yangi jarayon amerikalik bo‘lmagan turmush o‘rtoqlar va ularning farzandlariga AQShni tark etmasdan doimiy rezidentlik huquqiga ega bo‘lish uchun ariza berish imkonini taqdim etadi. Bu oilalarni birdamlikda saqlashga va iqtisodiyotimizni mustahkamlashga ko‘maklashadi”, — deyiladi bayonotda.

Bayden ma’muriyati AQSh fuqarolarining 500 mingdan ortiq turmush o‘rtog‘i, shuningdek, ota-onasidan biri AQSh fuqarosiga turmushga chiqqan 21 yoshgacha bo‘lgan 50 mingga yaqin bola yangi qoidalardan foydalana olishini kutmoqda.

“Bu juftliklar oila quradi, farzandlarini cherkov va maktabga yuboradi, soliq to‘laydi, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadi, — dedi Bayden dastur e’lonida. — Ular shu vaqtgacha AQShda qo‘rquv va noaniqlik ichida yashab keldi. Biz buni tuzatishimiz mumkin”.

The New York Times`ning qayd etishicha, yangi dastur migrantlarni himoya qilish bo‘yicha so‘nggi yillardagi eng muhim chora-tadbirlardan biri bo‘ldi. U yoz oxirigacha ishga tushishi kutilmoqda.