7-iyun kuni O‘zbekistonda 24 yoshli yigit notkoin sotgani uchun 10 sutkaga qamalgandi. Mazkur sud hukmi bilan tanishib chiqqach, “Gazeta.uz” mamlakatda kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi regulyator hisoblangan Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga so‘rov bilan murojaat qildi. Agentlik o‘zbekistonliklar notkoin va boshqa kriptoaktivlar bilan qanday qilib qonuniy savdo qilishi mumkinligi bo‘yicha savolga javob berdi.

Notkoin bilan qanday qilib qonuniy savdo qilish mumkin?

“Notkoin hozirga kelib ommalashmayapti. O‘z vaqtida u ham Hamster Kombat kabi Telegram messenjeridagi o‘yin hisoblanar edi. U vaqtda hali blokcheyni bo‘lmagani sababli kriptoaktiv turiga kirmagan edi. Keyinchalik bu o‘yin odamlar orasida ommalashgach, uning tashkilotchilari tomonidan so‘rovnoma o‘tkazilib, odamlar to‘plagan hisob birliklari 1000 ga bo‘linib, shundan chiqqan qiymatda TON blokcheynida notkoin kriptoaktivi chiqarilib, katta kriptobirjalarga joylashtirilgan”, — deya qayd etdi ILMA mutaxassisi.

Hamster Kombat bir necha oy oldin Telegram`da paydo bo‘lgan kliker o‘yin hisoblanadi. Foydalanuvchilar ekrandagi og‘maxon ustiga bosish orqali tangalar to‘plamoqda va bu virtual tangalar kun kelib birjaga joylashtirilishi va ularni haqiqiy pulga aylantirish imkoni bo‘lishiga umid qilmoqda. O‘yinni o‘ynash bepul, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri messenjer ichida ishlaydi. Ayni vaqtda uni butun dunyo bo‘ylab 10 millionlab odam o‘ynamoqda. Biroq uning yaratuvchilari haqida hech narsa ma’lum emas.

Notkoin kriptoaktivi birjaga chiqarilganidan keyin odamlar o‘z hamyonida mavjud bo‘lgan notkoinni fiat pullarga (oddiy pullar — so‘m, dollar) aylantirmoqchi. Bu jarayonda esa qonuniy jihatdan muammolar paydo bo‘lmoqda.

ILMAning qayd etishicha, O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha fuqarolar 2023-yil 1-yanvardan boshlab faqat litsenziyaga ega bo‘lgan milliy xizmat provayderlari orqali kriptoaktiv oldi-sotdisini amalga oshirish huquqiga ega. Qoidalar nafaqat notkoinga, balki barcha kriptoaktivlarga tegishli. Qonunchilik bilan berilayotgan javobgarlik choralari, umuman, kriptoaktivlar noqonuniy aylanmasining oldini olishga qaratilgan sanaladi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda litsenziya bilan faoliyat yuritayotgan kriptobirjalarning birontasining savdo savatida notkoin mavjud emas. Ya’ni mamlakatda bu kriptoaktiv bilan qonuniy savdo qilish hozircha imkonsiz.

“Notkoin bilan savdo qilishning qonuniy usuliga kelsak, bizda xizmat provayderlariga o‘rnatilgan tartibda taklif bilan chiqish huquqimiz bor. Lekin ular ham tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi, bizdan litsenziya olishgani bilan ularga „mana bu kriptoaktivni birjangga chiqar“ deyishga haqimiz yo‘q. Bu narsani tadbirkorlik subyektlarining o‘zi bozorni o‘rganish asosida amalga oshirishi kerak”, — deya qayd etdi agentlik mutaxassisi.

U, shuningdek, tashkilot hozirda fuqarolarning yangi chiqqan, ommalashayotgan kriptoaktivlar bilan ham savdo qilish imkoniga ega bo‘lishi ustida ishlanayotganini ma’lum qildi.

“Biz ham hozir bozorda yuz berayotgan jarayonlarni ko‘rib, bilib turibmiz. Shundan kelib chiqib, xizmat provayderlariga o‘z savdo savatlariga yangi chiqqan, ommalashayotgan kriptoaktivlarni ham qo‘shish bo‘yicha taklif berganmiz. Fuqarolarimizga bu kriptoaktivlar bo‘yicha ham qonuniy savdo qila olish imkoniyatini yaratish niyatimiz bor. Bu bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin jarayon qancha vaqt olishi bo‘yicha hech narsa deya olmaymiz”, — deya ta’kidladi agentlik vakili.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 14-maydan 13-iyungacha bo‘lgan oraliqda O‘zbekistonda kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzgan kamida 12 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Ular, asosan, O‘zbekistonda litsenziyaga ega bo‘lmagan chet el onlayn birjalari orqali kriptovalyuta aylanmasi bilan shug‘ullangan.