Amerikaning yetakchi texnologik kompaniyalaridan biri hisoblanuvchi Nvidia bozor kapitallashuvi bo‘yicha Microsoft`ni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi, deb yozdi Reuters.

18-iyun kungi savdo sessiyasi yakuniga ko‘ra, Nvidia aksiyalari qiymati 3,5 foizga oshib, 135,58 dollarga yetdi. Shu tariqa kompaniyaning bozor qiymati rekord darajaga — 3,335 trln dollargacha ko‘tarildi.

Shu kuni Microsoft aksiyalari 0,45 foizga arzonladi va kompaniya kapitallashuvi 3,317 trln dollargacha pasaydi. Apple aksiyalari qiymati esa 1 foizdan ko‘proqqa pasayib, kompaniyaning kapitallashuvi 3,286 trln dollargacha tushdi.

Nvidia o‘zining bozor kapitallashuvini atigi to‘qqiz oy ichida 1 trln dan 2 trln dollargacha oshirishga muvaffaq bo‘ldi va bu ko‘rsatkichga 2024-yilning fevralida erishdi. Keyingi uch oy ichida esa Nvidia kapitallashuvi 2 trln dan 3 trln dollargacha yetdi.

Iyun oyi boshida Nvidianing bozor kapitallashuvi 3 trln dollardan oshdi, natijada kompaniya dunyodagi eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egalladi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Apple`dan o‘zib ketdi.

Reuters`ga ko‘ra o‘tgan yil davomida Nvidia qiymatining tez o‘sishi investorlarning sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlanishi istiqbollariga nisbatan optimizmi bilan bog‘liq. Nvidia protsessorlari ushbu maqsadda ishlatiladigan bozordagi eng yaxshi protsessorlar hisoblanadi va ularga bo‘lgan talab taklifdan sezilarli darajada yuqori bo‘lib turibdi.