Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

Xususan, Sayxunobod tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tadbirkorga qo‘shni Sardoba tumani hududidan 6 gektar yer maydoni olib berishini aytgan. Buning evaziga 20 ming dollar so‘ragan.

Amaldor viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan va Sayxunobod tumani hududida joylashgan 50 sotix yer maydonini yengil konstruksiya ko‘rinishida qurilish qilishi uchun ijara shartnomasi asosida rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming dollar ham talab qilgan. U tezkor tadbirda pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan fermer xo‘jalik rahbari xo‘jalikning 3,37 gektar yerini va o‘zboshimchalik bilan egallab olingan qo‘shimcha yer maydonini — jami 7 gektar yer maydonini sirdaryolik xaridorga 2 mln dollarga sotishga kelishgan. Oldindan 200 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 49 yoshli shaxs o‘g‘li nomida bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyatga investitsiya kiritish sharti bilan issiqxona qurish uchun tuman hududidan ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali 50 ta kottej qurmoqchi bo‘lgan xaridor nomiga o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan va evaziga 500 ming dollar so‘ragan.

Shuningdek, turmush o‘rtog‘ining nomidagi MCHJga qarashli, Yangiyo‘l shahrida joylashgan bino va uning 486 metr kvadrat yer maydonini ham xaridorga sotish va u yerda 12 qavatli uy qurishi uchun mas’ul idoralardan ruxsat olib berish evaziga 440 ming dollar talab qilgan. Ammo u so‘ralgan pul mablag‘idan 400 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida yashovchi 37 yoshli shaxs fuqaroga “Xalq banki”ning viloyat filiali balansida turgan va Ye-Auksion portali orqali savdoga chiqarilgan — Quyichirchiq tumanidagi 13,05 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali olib berishini aytgan. Evaziga 260 ming dollar talab qilib, oldindan 130 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari tuman hokimining 2015-yildagi qarori bilan paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishida foydalanish uchun ajratib berilgan yer maydonining 5,5 gektar qismini xaridorga 150 ming dollariga sotishga kelishgan. Kelgusida yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming dollari talab qilgan.

Biroq u so‘ralgan jami 190 ming dollardan 120 ming dollarini olgan vaqtida ushlangan, deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.