Yevropa Ittifoqi mamlakatlari elchilari Rossiyaga qarshi 14-sanksiya paketi bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar berdi YeI kengashidagi Belgiya raisligi.

“Ushbu paket yangi maqsadli chora-tadbirlarni taqdim etadi va bo‘shliqlarni yopish orqali mavjud sanksiyalarning ta’sirini maksimal darajada oshiradi”, — dedi idora.

Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayenning ta’kidlashicha, sanksiyalar Rossiyani asosiy texnologiyalar va energiyadan keyingi daromadlardan mahrum qilishga, shuningdek, “[Rossiya prezidenti Vladimir] Putinning chet eldagi soya floti va soyadagi banki tarmog‘iga qarshi qaratilgan”.

Bloomberg`ning yozishicha, chora-tadbirlar orasida Rossiyaning suyultirilgan gazini Yevropa Ittifoqi orqali uchinchi davlatlarga o‘tkazishni taqiqlash hamda Xitoy, Turkiya va Hindistondagi o‘nlab kompaniyalar bilan savdoni cheklash kiradi. Shuningdek, harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan kimyoviy va elektronika eksporti nazoratini kuchaytiradi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, siyosiy partiyalar, tahlil markazlari va ommaviy axborot vositalari provayderlariga ham Rossiya moliya manbalarini qabul qilish taqiqlanadi.

Reuters agentligining qo‘shimcha qilishicha, sanksiyalar ro‘yxatiga 47 kompaniya va 69 jismoniy shaxs qo‘shilgan. Paket 24-iyun kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.

  • Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi oldingi, 13-sanksiya paketi joriy yilning fevral oyida qabul qilingandi. Unda sanksiyalardan bo‘yin tovlashda ishtirok etgan o‘nlab kompaniyalarga eksport cheklovlari kiritilgan.