Senatning ellik uchinchi yalpi majlisi 21-iyun kuni chaqiriladi, deb xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Unda quyidagi qonunlarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan:

  • “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”;
  • “Kiberxavfsizlikni ta’minlash sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”;
  • ““Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”;
  • “Intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”;
  • “Yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qo‘yish tartibi belgilanayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”;
  • “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining yoki psixotrop moddalarning, shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”;
  • “Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi Cingapur shartnomasini (Singapur, 2006-yil 27-mart) ratifikatsiya qilish haqida”.

Senatorlar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari ijrosini, Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ishlar holati haqidagi masalalarni muhokama qiladi.

Bundan tashqari, yalpi majlisda bosh prokuror lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisini saylash hamda Sudyalar oliy kengashi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.