Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Olimpiada o‘yinlarida ilk marotaba besh nafar sportchi bilan qatnashadi. Bu haqda Taekvondo assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Gap shundaki, Butunjahon taekvondo federatsiyasi (WTF) Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun yo‘llanmalar taqsimotini qayta shakllantirdi. Parijdagi o‘yinlarda ishtirok etadigan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining neytral maqomdagi rossiyalik sportchilar ro‘yxatida taekvondochilar qayd etilmadi. Bunda Usi Katta dubulg‘a turnirida litsenziyalarni qo‘lga kiritgan rossiyalik sportchilarning o‘rniga Olimpiya reytingida eng yaxshi o‘rinlarni qayd etgan sportchilarga kvota taqsimlab berildi.

Bu holatda +80 kg vazn toifasidagi reytingda oltinchi o‘rinni qayd etgan Tokio-2020 Olimpiadasi ishtirokchisi Nikita Rafalovich ham yo‘llanmaga ega chiqdi.

Shu tariqa, taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida o‘z tarixida ilk bor 3 nafar erkak va 2 nafar ayol sportchi bilan qatnashadigan bo‘ldi (shu vaqtgacha 4 dan ortiq yo‘llanma bo‘lmagan).

2024-yilgi o‘yin ishtirokchilari:

  1. Ulug‘bek Rashitov (68 kg)
  2. Jasurbek Jaysunov (80 kg)
  3. Nikita Rafalovich (+80 kg)
  4. Ozoda Sobirjonova (67 kg)
  5. Svetlana Osipova (+67 kg).

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik taekvondochilar dunyoning eng kuchli uchta termasi qatorida Olimpiya o‘yinlari tarixida ilk bor tashkil etilayotgan ko‘rgazmali mikst dasturida ham ishtirok etadi.