Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Mo‘g‘ulistonning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Daadanxuu Batbaatarni qabul qildi, deb xabar qildi TIV rahbari o‘zining Telegram`dagi kanalida.

Mo‘g‘ulistonning O‘zbekistonda elchixona ochish rejalari o‘tgan yili ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetsegning tashrifi chog‘ida ma’lum qilingan edi. Bungacha Toshkentda Mo‘g‘ulistonning faxriy konsulligi bo‘lgan.

Elchi vazirga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Tomonlar turli sohalardagi hamkorlik, iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, shuningdek, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifini muhokama qildi.

Avval xabar qilinganidek, Mo‘g‘uliston rahbari 23−26-iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. U Toshkentdagi muzokaralardan tashqari, Xiva bilan ham tanishishi rejalashtirilgan.