Armaniston Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oldi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

“Armaniston xalqaro huquq, xalqlar tengligi, suvereniteti va tinch-totuv yashashi tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi va Falastin davlatini tan oladi”, — deyiladi bayonotda.

Vazirlikning qayd etishicha, Armaniston BMT Bosh Assambleyasining G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiyalariga qo‘shilgan va “Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishdan chin dildan manfaatdor”.

“Biz doimo turli xalqaro forumlarda Falastin muammosini tinch va keng qamrovli hal etish tarafdori bo‘lib kelganmiz hamda Isroil-Falastin mojarosining „ikki davlat“ tamoyili asosida hal etilishini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Ishonchimiz komilki, bu falastinliklar va isroilliklar o‘zlarining qonuniy intilishlarini ro‘yobga chiqarishlarini ta’minlashning yagona yo‘li”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, may oyida BMT Bosh Assambleyasining Xavfsizlik kengashidan Falastinning tashkilotga to‘laqonli a’zoligi masalasini qayta ko‘rib chiqishga chaqiruvchi rezolyutsiyasiga Armaniston ham ovoz bergandi. Falastin ayni damda BMTda kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etmoqda.

  • So‘nggi bir oy ichida Norvegiya, Ispaniya, Irlandiya va Sloveniya Falastin mustaqilligini tan oldi. 2024-yil iyun holatiga ko‘ra, Falastin BMTning 193 a’zosidan 145 tasi tomonidan davlat sifatida tan olingan.
  • Falastin davlatchiligini tan olmagan davlatlar qatoriga AQSh, Britaniya va Isroil ham kiradi. Isroil hukumatining fikricha, Iordan daryosining G‘arbiy sohili va G‘azo sektorida Falastin davlatining tashkil etilishi Isroilning mavjudligiga tahdid soladi.