19-iyun kuni Toshkent viloyati Bekobod tumanida sud zalida janjal ko‘targan fuqaro IIB binosiga olib borigandan so‘ng hushidan ketdi. Viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, u shifoxonaga yetkazilganda vafot etgani ma’lum bo‘lgan.

Keltirilishicha, 43 va 46 yoshli aka-ukalar qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda ayblanayotgan 33 yoshli ukasining sud majlisiga borgan. Ular ukasiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganidan norozi bo‘lib, zalda janjal ko‘targan va jamoat tartibini buzgan.

Boshqarma xabariga ko‘ra, shu vaqtda jamoat tartibini tiklash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun sud zaliga hududiy ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqirtirilgan.

Chaqiruvga asosan 3 nafar IIB profilaktika inspektori yetib kelgan va janjal bartaraf qilingan. Huquqbuzarlik holati yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish maqsadida voqea ishtirokchilari shahar IIB binosiga olib borilgan.

IIB binosiga kirish yo‘lagida 43 yoshli erkak sog‘lig‘i yomonlashib, hushini yo‘qotgan. Xodimlar fuqaroni xizmat avtomashinasida shahar shifoxonasiga olib borgan. Tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilgan vaqtida u vafot etgani aniqlangan, deyiladi xabarda.

Fuqaroning o‘limi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanlangan. Holat prokuratura organlari tomonidan nazoratga olinib, surushtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosovning xabar berishicha, hozirda voqea sodir bo‘lgan joylarda mavjud bo‘lgan barcha videoyozuvlar olingan. Guvohlar hamda voqea ishtirokchilarning ko‘rsatmalari tekshirilmoqda, tegishli sudga oid ekspertizalar tayinlangan.

“Ichki ishlar organlari bilan bog‘liq holatda odam vafot etishi, yuzaga kelgan vaziyatdan qat’i nazar, favqulodda holat sifatida ko‘riladi va voqeaning barcha ishtirokchilarini, shu jumladan, har bir xodimning harakatlari sinchkovlik bilan, to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanadi”, — deya izoh berdi vazirlik vakili.