Oliy Majlis Senatining 53-yalpi majlisida kiberxavfsizlik sohasidagi qonunlarga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ko‘rib chiqildi, deb xabar berdi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Kredit tashkilotlarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizligi darajasini oshirish zarurligi qayd etildi.

Tuzatishlar Markaziy bankka kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimlari operatorlari, valyuta birjalari, kredit byurolari tomonidan xavfsizlik va kiberxavfsizlik tahdidlarni aniqlash hamda ularning oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar beradi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, “Markaziy bank to‘g‘risida"gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi, “Bank siri to‘g‘risida"gi, “Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi, “Elektron hukumat to‘g‘risida"gi, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida"gi qonunlarga kiberxavfsizlikni ta’minlashga oid me’yorlar kiritilmoqda.

Qonun bilan bank axborot tizimlarida axborot xavfsizligini va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qonunchilik talablarining buzilgani holati qo‘pol qoidabuzarliklar qatoriga kiritilmoqda.

kiberxavfsizlik, senat

Bundan tashqari, banklarning axborot tizimlari va resurslarining axborot xavfsizligini hamda kiberxavfsizligini ta’minlash va bank sirini muhofaza qilish kabi qo‘shimcha maqsadlar qonunda aks ettirilmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi kredit va nobank kredit tashkilotlari faoliyatida hamda elektron hukumat tizimida axborot xavfsizligini kuchaytirishga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida tuzatishlar kiritilgan qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.