O‘zbekistonda 6 ta korxona turli tovar va xizmatlar bo‘yicha ustun mavqega ega deb e’tirof etildi. Bu haqda 2024-yilning dastlabki besh oyi davomida o‘tkazilgan tahlillar natijalariga ko‘ra Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra:

  • “Temiryo‘lekspress” va “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyalorlik jamiyatlari (shaxslar guruhi sifatida) temiryo‘llar orqali yo‘lovchi tashish xizmatida;
  • “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” mas’uliyati cheklangan jamiyati shahar atrofi bo‘ylab yo‘lovchi tashish xizmatida;
  • JV Continaz formalin mahsulotida;
  • Indorama Kokand fertilizers and chemicals hamda “Farg‘onaazot” AJlar (shaxslar guruhi sifatida) superfosfat mahsulotida;
  • “Farg‘onaazot” AJ karbamid mahsulotida;
  • Gazli Gas Storage qo‘shma korxonasi tabiiy gazni yer ostiga quyish, saqlash va tortib olish xizmatida ustunlikka ega deb topildi.

Shu bilan birga, Interterminal MCHJ qo‘shma korxonasi temiryo‘l liniyasini ijaraga berish xizmati bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi.

“Mazkur tahlil natijalari, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sektorlarida raqobat muhitini yanada chuqur tushunish va o‘rganish imkonini beradi. Shuningdek, bu jarayonlar tadbirkorlik subyektlariga o‘z faoliyatlarini qayta ko‘rib chiqish va strategiyalarini yangilash imkoniyatini yaratadi. Natijada esa bu holat iqtisodiyotimizning turli tarmoqlarida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, mahsulot va xizmatlar sifatining oshishiga va, umuman, mamlakatimizning global iqtisodiyotdagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.