Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 23−26-iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Oliy martabali mehmon tashrifining dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqiladi.

Xususan, kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, yengil sanoat, sog‘liqni saqlash, transport, logistika va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari o‘rin olgan.

Shuningdek, madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilinadi. Xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashiladi. Sammit yakunlari bo‘yicha hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Davlat tashrifi doirasida prezidentlarning ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvi hamda qator boshqa ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Xiva shahriga ham tashrif buyurib, o‘zbek xalqining boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.