Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarining, ular analoglarining yoki psixotrop moddalarning, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Ushbu hujjat bilan giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan va internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish orqali qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda, shuningdek giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo‘natganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi moddalar bilan to‘ldirilmoqda. Xususan, 562-moddasiga asosan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash, xuddi shuningdek, ularni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, reklama qilish, namoyish etish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik uchun huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazosi nazarda tutilmoqda.

Kodeksning 563-moddasiga ko‘ra, yuqorida ta’kidlangan moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish bilan bog‘liq sodir etilgan harakatlar uchun, ushbu mahsulotlarni musodara qilgan holda BHMning bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni musodara qilib, o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Agar ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi belgilanmoqda.

564-moddaga binoan giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash, xuddi shuningdek ularni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, reklama qilish, namoyish etish holatlari aniqlanganda huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoxud huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olish jazosi ko‘zda tutilmoqda.

O‘z navbatida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi moddalarda nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarning taalluqliligi Ichki ishlar organlariga tegishli ekani, ushbu huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish esa Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan amalga oshirilishi qayd etilmoqda.

Endilikda Jinoyat kodeksining 251−1-моддасига ko‘ra giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash, xuddi shuningdek, ularni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish, reklama qilish, namoyish etish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Ushbu harakatlar maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv yurtlari hududida va talabalarning (o‘quvchilarning) yotoqxonalarida, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida yoki talabalar (o‘quvchilar) tomonidan o‘quv, sport yoki jamoat tadbirlarini o‘tkazish uchun foydalaniladigan boshqa joylarda, shuningdek, ularga tutash hududlarda sodir etilgan bo‘lsa, jazo choralari kuchaytiriladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan yangi 251−2-моддасига binoan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

O‘z navbatida ushbu moddada nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs o‘z ixtiyori bilan aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni topshirsa, jazodan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Yuqoridagi o‘zgarishlarga muvofiq ravishda Jinoyat kodeksining 273 hamda 274-moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jinoyat protsessual kodeksda mazkur toifadagi jinoyat ishining tergovga tegishliligi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.