2019-yildan beri O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida ishlab kelayotgan Nig‘matilla Yo‘ldoshev yana 5 yil o‘z ishini davom ettiradi. Uning nomzodi 21-iyun kuni Oliy Majlis Senatida senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ko‘ra, bosh prokurorning vakolat muddati — 5 yil. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining bosh prokurori lavozimini egallashi mumkin emas.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev 1962-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent davlat yuridik institutini (hozirda universitet) tamomlagan.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev 2011-yildan adliya vaziri bo‘lib ishlagan. Mehnat faoliyatini Olmaliq shahri prokuraturasida stajyor sifatida boshlagan, prokuratura organlarida katta tergovchi, boshqarma prokurori, bo‘lim boshlig‘i, Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig‘i va bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

U 2015-yilda Senat raisi etib saylangan. 2019-yilning iyun oyida prezident farmoni asosida sobiq bosh prokuror Otabek Murodov lavozimidan ozod etilgani ortidan uning o‘rniga Nig‘matilla Yo‘ldoshev lavozimni egalladi.