Avvalroq Bekobod tumanida ukasining sud majlisida janjal ko‘tarib, IIBga olib ketilgan erkaklardan biri vafot etgani haqida xabar bergandik.

Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) aka-ukaga nisbatan kuch ishlatilganligi holatini o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Vakil bergan rasmiy izohda aka-uka IIB binosiga majburiy olib ketilgani haqida gap boradi.

Ombudsman holat qonun talablari doirasida ko‘rib chiqilishi, voqeaning barcha jihatlari ochiq va adolatli surishtirilishini so‘ramoqda.

Keltirilishicha, hozirda ushbu holat bo‘yicha Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila a’zolari bilan uchrashib, ta’ziya bildirdi. Voqea bo‘yicha Bosh prokuraturaga Ombudsmanning nazorat xati yuborildi, deyiladi xabarda.