Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) 15 yoshli maktab o‘quvchilarining qo‘shimcha domen — kreativ (ijodiy) fikrlashini baholovchi PISA-2022 xalqaro tadqiqoti natijalarini e’lon qildi. Asosiy yo‘nalishlarni (matematika, o‘qish savodxonligi, tabiiy fanlar) baholash natijalari 2023-yil dekabrida e’lon qilingandi — ularga ko‘ra, o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari oxirgi o‘ntalikka kirgan.

O‘quvchilar orasida kreativ fikrlash darajasi eng rivojlangan mamlakatlar ro‘yxatiga Singapur, Janubiy Koreya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Estoniya va Finlyandiya kiradi — bu mamlakatlarda o‘quvchilarning o‘rtacha bali (41 dan 36 ballgacha) bo‘lib, OECD o‘rtacha darajasi (33 ball)dan yuqori. Bu davlatlar PISA-2022 asosiy tadqiqotida ham yetakchilik qilgandi. Asosiy tadqiqotda birinchi o‘ntalikdan joy olgan Xitoy Taypeyi, Makao va Gonkongning o‘rtacha ko‘rsatkichlari OECD o‘rtacha ko‘rsatkichiga yaqin yoki biroz pastroq bo‘lgan.

Kreativ fikrlash bo‘yicha eng yomon ballni Dominikan Respublikasi, Marokash (15 ball), O‘zbekiston, Filippin (14 ball) va Albaniya (13 ball) ko‘rsatdi.

Singapur, Latviya, Janubiy Koreya, Daniya, Estoniya, Kanada va Avstraliya kabi mamlakatlarda o‘quvchilarning 88% dan ortig‘i kreativ fikrlashda bazaviy (3-daraja) yoki undan yuqori darajaga erisha oldi (OECD o‘rtacha bahosi 78%).

O‘zbekistonda 3 va undan yuqori darajaga erishgan o‘quvchilar ulushi 16,5% ni tashkil etdi. O‘zbekistondagi o‘quvchilarning eng katta qismi (61,3%) 1 va undan past darajadagi kreativ fikrlashni namoyon etgan.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, o‘quvchilar kreativ fikrlash darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlar bilan past ball olgan mamlakatlar o‘rtasidagi farq 28 ball yoki 4 darajani tashkil qiladi. Masalan, O‘zbekistonda kreativ fikrlash bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan o‘quvchilarning o‘rtacha balli Singapur, Janubiy Koreya yoki Kanada kabi mamlakatlardagi eng past ball to‘plagan talabalarning o‘rtacha ballidan ancha past.

oecd, pisa, kreativ fikrlash, maktabлар, таълим

75-persentilga kirgan (eng yuqori ball to‘plagan 25%) O‘zbekiston o‘quvchilari o‘rtacha 19 ball yig‘gan, bu rivojlangan mamlakatlarda 25-persentilga kirgan (eng past ball to‘plagan 25%) o‘quvchilarning o‘rtacha balidan sezilarli darajada past.

O‘quvchilarning kreativ fikrlashdagi ballari va asosiy soha ballari (matematika, o‘qish, fan) o‘rtasida ijobiy korrelyatsiya mavjud. Kreativ fikrlash bo‘yicha yuqori va past ball to‘plagan o‘quvchilar matematika fanidan mos ravishda yuqori va past ball olgan. O‘quv yutuqlari kreativ fikrlashda muvaffaqiyatga erishish uchun zaruriy shart bo‘lmasa-da, ijodiy fikrlashni rivojlantirish uchun matematika, o‘qish va tabiiy fanlar bo‘yicha kamida minimal savodxonlikka erishish zarur. Eslatib o‘tamiz, PISA-2022 asosiy tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘quvchilarning 60 foizdan ortig‘i savodxonlikning uchta asosiy yo‘nalishining birortasi bo‘yicha ham minimal (ikkinchi) darajaga erisha olmagan.

Umuman olganda, qizlar kreativ fikrlashda o‘g‘il bolalarga qaraganda yaxshiroq natija ko‘rsatgan. Qizlar uchun o‘rtacha ball 34, o‘g‘il bolalar uchun 31 (O‘zbekistonda mos ravishda 15 va 14) ballni tashkil etdi. OECD ma’lumotlariga ko‘ra, qizlarning o‘rtacha 82 foizi va o‘g‘il bolalarning 75 foizi kreativ fikrlashning bazaviy darajasiga erishgan (O‘zbekistonda mos ravishda 17,9 foiz va 15,1 foiz).

O‘zbekistonda nafaqat turli jinsdagi o‘quvchilar, balki turli ijtimoiy-iqtisodiy maqomga ega bo‘lgan oilalar farzandlarida ham minimal farqlar qayd etilgan. OECD ma’lumotlariga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan o‘ziga to‘q oilalar o‘quvchilari kam ta’minlangan oilalardagi tengdoshlariga qaraganda o‘rtacha 10 ball ko‘proq to‘plagan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu farq atigi 3 ballni tashkil etadi.

Umuman olganda, tadqiqotchilar kreativ fikrlash bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan mamlakatlar o‘z o‘quv dasturlariga kreativ fikrlashni integratsiya qilgani, o‘quvchilarning kreativ fikrlashdagi yutuqlarining aniq ko‘rsatkichlarini ishlab chiqqanini va o‘quvchilarni kreativ fikrlashni talab qiluvchi fanlararo loyihalarga jalb qilganini ta’kidlamoqda. Kreativ fikrlashni, o‘quvchilarni sinfdan tashqari mashg‘ulotlarga jalb qilishni rag‘batlantiradigan usullar ham tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kreativ fikrlashni baholashda qo‘llanadigan test topshiriqlari namunalarini OECD veb saytida (o‘zbek, rus va qoraqalpoq va boshqa tillarda mavjud) topish mumkin.