Chernogoriya, Bosniya, Albaniya va Xorvatiyaning Adriatika dengizi qirg‘oqlaridagi katta qismida elektr energiyasida keng miqyosdagi uzilishlar sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Reuters Chernogoriya elektr tarmoqlari operatori CEDIS va mahalliy OAVga tayanib. Agentlikning qayd etishicha, shu kunlarda mamlakatlarda havo harorati Selsiy bo‘yicha 40 darajaga yaqinlashgan.

“Tarmoqdagi uzilishlar tufayli Chernogoriyaning deyarli barcha qismi elektr energiyasiz qoldi”, — deb yozdi CEDIS Facebook`da.

Reuters muxbirining xabar berishicha, Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevo hamda Banya-Luka va Mostar shaharlari ham elektr energiyasiz qolgan. Mahalliy OAV butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi uzilishi haqida xabar bermoqda.

Xorvatiyaning Adriatika qirg‘oqlaridagi ko‘p qismida ham elektr yo‘q. Xorvatiyaning HEP energetika kompaniyasi mamlakatning ayrim hududlarida elektr o‘chayotganiga “xalqaro uzilishlar” sabab bo‘lganini aytdi.

Dengiz bo‘yidagi Split shahrida svetoforlar ishlamay qolganidan keyin transport harakati to‘xtab qoldi. Butun shahar bo‘ylab tez yordam sirenalari eshitildi, deb yozadi agentlik.

Albaniyaning Top Channel teleradiokompaniyasi bir qator shaharlar, jumladan, poytaxt Tiranada elektr energiyasi uzilganini xabar qildi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, bunga Chernogoriyadan kelayotgan aloqa liniyasining nosozligi sabab bo‘lgan.

Bosniyalik Dnevni avaz nashrining yozishicha, nosozlikka elektr liniyalarga haddan tashqari yuklama sabab bo‘lishi mumkin. Gazetaning yozishicha, blekaut Sarayevoda transport kollapsiga olib kelgan. Balkan Insight nashrining qayd etishicha, elektr energiyasida uzilishlar Chernogoriyada boshlangan.