O‘zbekistonda “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etilmoqda. Bu Shavkat Mirziyoyevning 20-iyundagi “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida nazarda tutilgan, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Davlat muassasasi shaklida tashkil etiladigan loyiha ofisi Prezident administratsiyasiga har oyda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasini isloh qilish holati, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yo‘llari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etib boradi.

Loyiha ofisiga tegishli vazirlik va idoralar, ularning tizimidagi muassasalar, ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislarini bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib, shartnoma asosida loyiha ofisi faoliyatiga jalb qilish huquqi beriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va loyiha ofisiga joriy yilda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari sifatini tekshirish va eksport ulushini oshirish uchun Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida xalqaro talablarga mos bo‘lgan 3 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etish choralarini ko‘rish topshirildi.

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab agrar sohadagi oliy ta’lim muassasalari talabalari bilimini, pedagoglarining malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlari faoliyatini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi takomillashtirish zarur.

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining ta’lim yo‘nalishlari bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi, fevral oyida esa “Ta’lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etilgan edi.