Oliy Majlis Senatining 53-yalpi majlisida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisini saylash masalasi ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 95-moddasi hamda 109-moddasiga muvofiq qo‘mita raisi prezidentining taqdimiga binoan Senat tomonidan saylanadi.

Senatorlar Halilillo Sobirjonovich To‘raxo‘jayevни Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi lavozimiga sayladi. U 2021-yilning yanvaridan Oliy sud raisining o‘rinbosari — fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi sifatida ishlab kelayotgandi.

Xalilillo To‘raxo‘jayev 1972-yil 21-yanvarda Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi.

U 1997-yil Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1991-yilda Toshkent shahar Hamza tumani sudining kureri lavozimida ishlashdan boshlagan. 1992−2008-yillarda sud tizimida turli lavozimlarda mehnat qilgan.

2008−2014-yillarda Prezident devoni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi xizmatining adliya va sud idoralari faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori, Sud tizimi faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori, 2014−2017-yillarda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi, 2017-yil 12-aprelidan 12-dekabriga qadar prezidentning Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2017-yildan 2020-yilgacha Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori lavozimida ishlagan. 2020-yil iyundan 2021-yil yanvarigacha Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.