20-iyun kuni tarmoqlarda Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi 16-bog‘chada tarbiyachi bolalarni haqoratlab, urgani aks etgan video tarqaldi.

Tasvirda tarbiyachi oyoq kiyim bilan bolalarning qo‘liga, oyog‘iga va yuziga bir necha marta urgani, tarsaki tushirgani hamda qulog‘idan cho‘zganini ko‘rish mumkin.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat yuzasidan izoh berarkan, ishchi guruh tuzilib, holat o‘rganilgani va tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, u ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi. Xizmat tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkentda bolaning qo‘lini ko‘kartirgan, Andijonda sherigini urgan bolani kaltaklagan va Xorazmda tarbiyalanuvchilarga tarsaki tushirgan tarbiyachilar ishdan olingani haqida yozgandik.