20-iyun kuni Javlonbek Oybekovich Umarxodjayev Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi etib tasdiqlandi. Bu haqdagi qaror kompaniyaning yagona aksiyadori — Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qabul qilindi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

2023-yil avgust oyidan buyon Javlonbek Umarxodjayev boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida kompaniyaga rahbarlik qilib kelayotgandi.

U mehnat faoliyatini 2008-yilda Uzbekistan Airways`da boshlagan. 2009−2018-yillarda kompaniyaning aviatsiya xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

2018−2021-yillarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kapital qurilish direksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari va “Toshkent-Sharq” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha texnik direktor lavozimlarida ishlagan.

2021−2023-yillarda Uzbekistan Airports boshqaruvi raisining ekspluatatsiya bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.