Uzbekistan Airways o‘zining rivojlanish strategiyasi doirasida juma kuni “innovatsiya va mukammallikka yanada ko‘proq harakat” ramzi bo‘lgan yangilangan logotipini taqdim etdi.
“Dizayn yanada minimalizm tarzda, yengilroq bo‘ldi, ammo bizni Markaziy Osiyoda yetakchi aviatashuvchilaridan biriga aylanish tarixiga ishora qilib, odatiy o‘ziga xosligini saqlab qoldi”, — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida.
Uzbekistan Airways logotipini tubdan o‘zgartirmadi — u hali ham ichida qush tasviri bo‘lgan aylana, lekin logotipning birinchi versiyasidagi bilan bir xil rangda. Kompaniya nomini yozishda endi barcha harflar bosh harfda bo‘ladi.
Aviakompaniya matbuot kotibi Dilorom Kaimbayeva shu kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda logotipni “to‘g‘rilash” qarori zamonaviy tendensiyalar, ya’ni minimalizmni hisobga olgan holda, uni yanada nafis va idrok etishni osonlashtirish maqsadida qabul qilinganini ta’kidladi.
Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudayqulovning aytishicha, logotipni barcha jihozlarda — “salfetkalar va hujjatlardan tortib samolyotlargacha” yangilash bir yarim-ikki yil vaqt oladi.
O‘zgartirish evolyutsion tarzda amalga oshiriladi — eskisi bilan bir qatorda yangi logotip ham qo‘llanadi.
O‘tgan yili e’lon qilingan samolyotning an’anaviy livreyasini yangilash rejalariga kelsak, kompaniya an’anaviy rang — O‘zbekiston bayrog‘i ranglarini saqlab qolishga qaror qildi, chunki u allaqachon butun dunyoda tanilgan va boshqa aviakompaniyalar orasida ajralib turadi.
Joriy ko‘rinishdagi mavjud samolyotlarda logotip rang sxemasini — sariq doira, yashil qush va qizil konturni saqlab qoladi, lekin uning shakli asta-sekin yangilangan versiyaga moslashtiriladi.
Shuningdek, tashuvchi yangi shior — “Markaziy Osiyo qanotlari"ni taqdim etdi. Hozirgisi — “Xavfsizlik. Barqarorlik. Komfort”.
Jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Uzbekistan Airways rahbariyati kompaniya o‘zini Markaziy Osiyo qanoti deb atash huquqiga ega ekanini, chunki u o‘nlab yillar davomida turli mintaqalarni bog‘lovchi reyslarni ham, Nyu-York, Tokio kabi shaharlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ham taklif etib kelayotganini ta’kidladi.